Bundan o‘n yilcha oldin Navoiy viloyati Nurota tumanining Mustaqillik mahallasida yashovchi O‘raloy Xo‘jamurodova to‘shakka mixlanib qolgan edi. Shundan keyin ayolning yashashga bo‘lgan qiziqishi yo‘qolib, taqdir sinovi oldida taslim bo‘lgandi. Ammo so‘nggi paytda uning hayoti butkul o‘zgardi. Yillar davomida qiynab kelgan muammolari chekina boshladi. O‘raloy davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda emasligini, insoniy qadr-qimmatni his qildi.
Gap shundaki, mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim uning ham xonadoniga kelib, og‘ir hayotiy vaziyatdan chiqarishda har tomonlama ko‘maklashmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘raloy elektron yuritmali nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi. Viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markaziga yo‘llanma berildi. Psixologik yordam ko‘rsatildi. Hozirda O‘raloyning sog‘ligi yaxshi tomonga o‘zgarib bormoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/G2WE5mgSoIg" title="Imkonsizlikdan eʼtibor qutqaradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ijtimoiy himoyaning mahalla darajasiga tashkil etilgani bugun O‘raloy singari o‘nlab insonlar hayotida tom ma’noda yangi sahifa ochayotir. Karmana tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi Gulzoda Akramova ham ana shunday hamyurtlarimizdan biridir.
Mahalladagi kompleks xizmat ko‘rsatuvchi xodim tomonidan oilaning holati o‘rganilganida ijtimoiy va huquqiy xizmatlarga ehtiyoj borligi aniqlandi. Birinchi navbatda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining bolalar bilan ishlash sho‘’basi xodimlari tomonidan Gulzodaning 4 yoshli farzandi Murodjonga tug‘ilganlik guvohnomasi rasmiylashtirib berildi va hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirildi. Bolalar nafaqasi tayinlanib, to‘ng‘ich farzandi psixologik-tibbiy va pedagogik komissiyaning tekshiruvdan o‘tkazilgach, maxsus maktab-internatidan hududdagi 32-sonli umumta’lim muassasasiga o‘tkazildi. Ko‘p vaqtdan beri bu muammolar bilan to‘qnash kelib, qiynalgan Gulzoda endi barcha mushkulotlari ortda qolganidan, turmushi izga tusha boshlaganidan xursand.
Siroj ASLONOV (surat va video), O‘zA