Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyatlardan samarali foydalanish yutuqlar omili bo‘lmoqda (+video)
11:45 / 2024-12-21

Mamlakatimizda kichik va xususiy biznesni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’ektlarining barqaror ishlashi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi tufayli ana shu yo‘nalishda samarali natijalarga erishayotgan korxonalar safi tobora ortib bormoqda.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kirgan Andijon tumanidagi “Ravon taraqqiyot orzusi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ana shunday yuqori natijalarga erishayotgan korxonalar sirasiga kiradi. 2019 yilda ish boshlagan ushbu korxonada bugungi kunda 100 dan ortiq turdagi yilning turli mavsumlariga mo‘ljallangan sifatli, xaridorgir erkaklar, ayollar hamda bolalar rezina poyabzallari ishlab chiqarilmoqda.  

Turkiya, Xitoy va boshqa qator rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan korxonada tayyorlanayotgan poyabzallar o‘zining sifati, bejirimligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Qolaversa, korxona mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda marketing tadqiqotlari o‘tkazilib bozor hamda iste’molchilarning talab va takliflarini o‘rganish yo‘lga qo‘yilgan. Ana shularga asoslangan holda mahsulotlarning yangi-yangi turlarini tayyorlash, qulayligi va  ko‘rinishini yaxshilash borasida doimiy izlanishlar olib borilmoqda. Shu bois nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham korxona mahsulotlariga talab yuqori bo‘lmoqda.  

– Korxonamizda o‘tgan yili 120 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida 140 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi “Ravon taraqqiyot orzusi” MCHJ rahbari Abduhoshim Ismoilov. – Mahsulotlarimiz sifatiga, xalqaro andozalarga javob berishiga alohida e’tibor qaratamiz. Bu mahsulotlarimiz eksport hajmining ortishini ta’minlamoqda. Masalan, o‘tgan yili 8,33 million AQSH dollari qiymatida mahsulot eksport qilgan bo‘lsak, joriy yilning 11 oyi davomida eksport hajmi 8,20 million AQSH dollarini tashkil etdi. 

Ta’kidlash joizki, korxonaning mahsulotlari eksport qilinadigan mamlakatlar safi ham ko‘paymoqda. Ikki yil avval mahsulotlar o‘nga yaqin davlatga eksport qilingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Belarus, Moldova, Afg‘oniston singari 20 ga yaqin davlatga mahsulot eksport qilinmoqda. 

Darhaqiqat, korxonada olib borilayotgan izlanishlar, ishlab chiqarish quvvatlaridan unumli foydalanish borasidagi ishlar samarasi o‘laroq yutuqlar salmog‘i yildan-yilga ortib bormoqda. Bunda korxona rahbari Abduhoshim Ismoilovning xizmatlari nihoyatda katta.  

[gallery-20955]

Asli mutaxassisligi muhandis bo‘lgan A.Ismoilov korxonada ilg‘or, yangicha  ish uslublarini joriy etishga alohida e’tibor qaratadi. Umuman, erishilayotgan muvaffaqiyatlarda mehnatni tashkil etishda ilg‘or ish uslublarini qo‘llash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish muhim omil bo‘lmoqda. 

– Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda tadbirkorlarga, ayniqsa, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchilarga keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilayotganligi bizni yanada samarali ishlashga ilhomlantirmoqda, – deydi Abduhoshim Ismoilov. – Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida Prezidentimizga EVA xom-ashyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihamizni taqdim etgan edik. Prezidentimiz loyihani ma’qullab, amalga oshirish yuzasidan o‘zining taklif va tavsiyalarini bergan edi. 

Shundan so‘ng EVA xom-ashyo mahsulotlari ishlab chiqarish liniyamizni ishga tushirdik. Endilikda avval chetdan olib kelingan granula mahsuloti o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda, ushbu mahsulot qo‘shni davlatlarga eksport ham qilinmoqda. Bundan tashqari, avval Rossiyadan keltirilgan junli mato (sherst) ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni qo‘y junidan kalava ip tayyorlash, bo‘yash va tayyor mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

Korxonada mutaxassislarning bilim, malaka va tajribasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi ikki yil davomida o‘nlab mutaxassislar Xitoy, Turkiya, Rossiya davlatlaridagi turdosh korxonalarda bo‘lib, bilim va malaka oshirib qaytdi.

Ayni kunda 1 ming 500 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qilayotgan mazkur korxonada ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat yuritishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Ishchi-xizmatchilarga bepul tushlik,  dam olish, tibbiyot xonalari, ishga borib-kelishi uchun transport tashkil etilgan.  Ishlovchilarning aksariyati Andijon, qo‘shni Izboskan, Oltinko‘l tumanlarida yashovchi xotin-qizlardir.

– Bir necha yildan buyon ushbu korxonada ishlab kelaman, – deydi korxona ishchisi Gulida Bag‘oziyeva. – Bizga barcha sharoitlar yaratib berilgan. Ishga kelib-ketishimiz uchun avtobuslar qo‘yilgan, bepul tushlik qilib beriladi. Ishimizga qarab o‘rtacha 2,5 million so‘mdan 5 million so‘mgacha oylik ish haqqi olamiz, oilamizga daromad kiritamiz. Albatta, bu ro‘zg‘orimizni but, turmushimizni chiroyli bo‘lishiga yordam beradi.

Shuningdek, korxonada ishchi-xizmatchilarning salomatligini muhofaza qilish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, tibbiy punkt tashkil etilgan bo‘lib, ishchi-xizmatchilarning salomatligi doimiy nazorat qilib boriladi. Yopiq mini futbol maydoni, trenajyor zali esa ishdan keyin hamisha odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Yechinish-kiyinish, yuvinish xonalari mavjud ushbu maskanda sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sexlararo mini futbol, basketbol, kurash, shaxmat-shashka musobaqalari tez-tez o‘tkazib turiladi. 

Korxonada faoliyat yuritayotgan Dostonbek Tursunqulov erkin kurash bo‘yicha Osiyo chempionligini qo‘lga kiritganligi ushbu korxonada sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning samarasidir. Shuningdek, korxonadagi bir necha ming kitob fondiga ega kutubxona ham ishchi-xizmatchilar bo‘sh vaqtlarini o‘tkazadigan gavjum maskanlardan biri hisoblanadi. 

Ishchi-xizmatchilarga qulaylik yaratish maqsadida korxona ichida do‘kon tashkil etilgan. Bu yerda ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelinadigan mahsulotlar bozordan ancha arzon narxlarda sotiladi.  

– Rahbarimiz tashabbusi bilan korxonamizda turli sanalar munosabati bilan bayram tadbirlari doimiy ravishda tashkil etiladi, – deydi korxona ishchisi Manzura Tojiboyeva. – Bundan tashqari, yoz mavsumida dam olish maskanlari, sanatoriylarga borib davolanamiz, hordiq chiqarib kelamiz. Samarqand, Buxoro singari yurtimizning tarixiy shaharlariga, poytaxtimiz Toshkentga sayohatlar tashkil etiladi. Bunday ko‘rsatilayotgan e’tibordan biz behad mamnunmiz.  

Ta’kidlash joizki, korxonada ishchi-xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar mehnat unumdorligining yuqori bo‘lishida muhim omil bo‘lmoqda.

– Kelgusidagi rejalarimiz katta, – deydi korxona rahbari A.Ismoilov. – Asosiy maqsadimiz, korxonamiz imkoniyatlarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, sifatli mahsulotlarimiz bilan xaridorlar, mijozlarimiz e’tirofiga sazovor bo‘lish hamda yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishdir.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HXPFUp58Srg" title="Imkoniyatlardan samarali foydalanish yutuqlar omili boʻlmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari