Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasi asosida xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlarini o‘zida ifoda etadigan "Olimpiya shaharchasi"ning ish boshlashi munosabati bilan jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari, olimpiya harakati mas’ullari mazkur majmua imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish masalalarini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyevning "Olimpiya shaharchasi"ga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, cport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, sport federatsiyalarining mutasaddilari, majmua qurilishiga mas’ul bo‘lgan Xitoyning “SAMSE” kompaniyasi vakillari "Olimpiya shaharchasi" imkoniyatlaridan unumli foydalanish lozimligini ta’kidlashdi.


Shuningdek, me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni o‘zida mujassam etgan sport maydonlarida, inshootlarda xalqaro musobaqalarni tashkil etish, "Aichi-Nagoya–2026" yozgi Osiyo va "Los-Anjeles–2028" yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish doirasida terma jamoalarimiz uchun yetakchi davlatlarning terma jamoalari bilan birgalikda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish lozimligi aytib o‘tildi.


Bundan tashqari, shaharchaga ko‘chiriladigan tashkilotlarning joylashuvi, yaqin davrda rejalashtirilgan sport tadbirlari tahlil etildi.
Muhokamalar yakunida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, sport infratuzilmasini to‘liq ishga solish va terma jamoalar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish kabi mavzular bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA