Yangiyer shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan va nogironligi bor bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilishda faol va amaliy ishlar olib bormoqda.
Markazning bu sa’y-harakatlari nafaqat bolalarga teng imkoniyatlar yaratadi, balki ularning ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamiyatda faol ishtirok etish va kelajakka ishonch bilan qarash qobiliyatini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.
– Inklyuziv ta’lim faqat bilim olish imkoniyatini ta’minlash bilan cheklanmaydi. U bolalarning ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi, – deydi markaz bosh mutaxassisi Sayyora Mamatqulova. – Shu boisdan bolalarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur qo‘llab-quvvatlash va sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida Yangiyer shahrida 121 ta murojaat ko‘rib chiqildi, mahallalardagi aholi orasida o‘rganishlar amalga oshirildi va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar xatlovdan o‘tkazildi. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 27 fevraldagi «Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, kasallik tashxisi mos kelgan bolalar Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaga yo‘naltirildi.
Natijada, 17 nafar bola kunduzgi parvarish xizmatiga jalb qilindi, 36 nafar bola inklyuziv ta’limda ishtirok etish uchun xulosa oldi, 6 nafar bola inklyuziv guruhlarga, 7 nafar bola ixtisoslashtirilgan maktablarga va 5 nafar bola maxsus maktablarga yo‘naltirildi.

O‘tgan yil dekabr oyida qabul qilingan 13 ta ariza asosida bir guruh bolalar inklyuziv guruh va sinflarga jalb qilindi. Yangiyerdagi 1 ta kunduzgi parvarish xizmati faoliyat yuritib, unda 2 ta guruh va 4 nafar tarbiyachi hamda yordamchi ishlamoqda. Kambag‘al oilalar reyestrida turgan oilalar farzandlari ushbu xizmatdan foydalanmoqda, ularning onalari esa ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, inklyuziv ta’limga jalb etilgan bir nafar bolaning onasi maxsus pedagog sifatida faoliyat boshladi.
Inklyuziv ta’lim nafaqat alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun, balki barcha bolalar uchun ijtimoiy muhitni barqaror shakllantirish, bag‘rikenglik va hamjihatlikni rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Bu tizim orqali jamiyatda barcha uchun teng imkoniyatlar ta’minlanadi, diskriminatsiyaning oldi olinadi va har bir bola kelajakka ishonch bilan qarash imkoniga ega bo‘ladi.
– Inklyuziv ta’lim — bolani imkoniyati bilan ko‘rish va uni qo‘llab-quvvatlash, ajratish emas, balki jamiyatda tenglik muhitini shakllantirish demakdir. Shu tariqa biz bolalarning bilim va ijtimoiy faolligini mustahkamlaymiz va kelajak avlod uchun barqaror asos yaratamiz, – deydi Sayyora Mamatqulova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri