Guliston shahridagi Yoshlar markazida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirokida “Yoshlar Ventures” venchur jamg‘armasi tashabbusi bilan 28-fevral kuni Jizzax viloyati Jizzax shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Startup Arena — Jizzax, Sirdaryo, Samarqand” tanlovi oldidan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbir Guliston shahrida o‘tkazilib, hududda innovatsion ekotizimni rivojlantirish, yoshlarning tadbirkorlik faolligini oshirish hamda startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Tadbir Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi, Yoshlar Ventures va IT Park Sirdaryo filiali hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir davomida yoshlarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish hamda startap loyihalarini moliyaviy rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “Yoshlar Ventures” venchur jamg‘armasining faoliyati, uning yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati, yangi startaplar, StartUP Talks, Startup B2B Meeting, She Talks, Peer2Peer Startups kabi platformalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Startap loyihalarni yaratish bosqichlari, innovatsion g‘oyalarni daromad keltiruvchi biznes modeliga aylantirish strategiyalari va jamg‘arma tomonidan taqdim etilayotgan investitsiya imkoniyatlari tajribali mentorlar tomonidan tushuntirildi.

Yoshlar o‘z tashabbuslari orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, bozorda raqobatbardosh mahsulot yoki xizmat turini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflarini ilgari surishdi.
Ta’kidlanganidek, jamg‘arma yosh startapchilarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga joriy etish uchun moliyaviy ko‘mak taqdim etadi. Xususan, startap loyihalar uchun mablag‘ ajratish, uni maqsadli ishlatish, imtiyozli davr va qaytarish shartlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, mablag‘ ajratishda loyihaning innovatsionligi, bozor talabi, iqtisodiy samaradorligi va barqarorligi asosiy mezon sifatida baholanishi qayd etildi.

Mutaxassislar kredit mablag‘larini olish tartibi, zarur hujjatlar ro‘yxati, mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish va belgilangan muddatlarda qaytarish mexanizmlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar. Bu yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, mas’uliyatli tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va loyihalarni barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuv tajriba almashish, ekspertlar bilan muloqot qilish va investorlar e’tiborini jalb etish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi.
– Bugungi kunda yoshlarning innovatsion fikrlashi va tadbirkorlik salohiyati davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. “Startup Arena” kabi tashabbuslar yoshlarga o‘z g‘oyalarini namoyon etish, tajribali mutaxassislar bilan muloqot qilish va investitsiya jalb etish imkonini beradi, Qolaversa, biz uchun eng muhim jihat — yoshlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliy natijaga yo‘naltirish. Bunday tadbirlar yoshlarda ishonch, mas’uliyat va katta maqsadlarga intilish ruhini shakllantiradi, – deydi Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasining boshlig‘i Boburjon Akromov.
Muloqot yakunida kreativ fikrlashi, tashabbuskorligi va faolligi bilan ajralib turgan yoshlar maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Muhimi, “Startup Arena — Jizzax, Sirdaryo, Samarqand” tanlovi bugun Jizzax shahrida bo‘lib o‘tadi.
G‘ulom Primov, O‘zA