FOTOREPORTAJ
Bugungi davr tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni talab etayotgan bir paytda, mamlakatimizda xususiy biznes va ishbilarmonlikni rivojlantirish hamda ularga qulay muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qator qaror va farmonlar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 8 avgustdagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni Orolbo‘yidagi tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigi bo‘ldi. Mazkur hujjat asosida joylarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z ishini yaxshi yo‘lga qo‘yishi bilan birga mo‘may daromad topib, xalqqa sifatli va samarali xizmat qilmoqda.
Taxiatosh tumanidagi «Jayxun savdo markazi» mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi ana shunday imkoniyatlar evaziga faoliyatini yanada kengaytirdi, ya’ni tijorat bankdan imtiyozli kredit olib, zamonaviy 540 o‘rinli «Amore Avenue» to‘yxonasini qurib bitkazdi. To‘yxonaga Xitoy davlatidan keltirilgan buyumlar orqali dekoratsiya qilindi. Hozirda aholidan kelgan buyurtmalar asosida to‘y bazmlarini o‘tkazishda sifatli xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Bu yerda 20 nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.
– Ushbu majmuada shuningdek, mebel va maishiy texnika buyumlari do‘koni, sartaroshxona xizmati yo‘lga qo‘yildi, – deydi savdo majmuasi ish yurituvchisi G‘afur Yoqubov. – Albatta, biz yangi majmuani ishga tushirish orqali faoliyatimizni kengaytirishga, aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish turlarini oshirishga va bir qancha qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil qilishga erishdik.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA