English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyatlar kafolati
15:00 / 2023-02-27

Dunyoda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ta’lim sohasida Global Hamkorlik (Global Partnership for Education)ning ta’rifiga ko‘ra, ta’lim inson huquqlaridan biri hisoblanib, insoniyat, jamiyat va iqtisodiyot rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Ta’lim monitoringi (YUNESKO, Global Education Monitoring Report)ning dunyo hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha chorak milliard bola, o‘spirin va yoshlar  maktabga bormayapti. YUNESKOning 1960 yildagi “Ta’lim sohasida diskriminatsiyaga qarshi kurash” va 1990 yildagi “Barcha uchun ta’lim to‘g‘risidagi Umumjahon Deklaratsiyasi” davlatlarni “ta’lim sohasida imkoniyatlar tengligi” va  “ta’lim olish imkoniyatlaridan foydalanishda kamsitishlarga” yo‘l qo‘ymaslik maqsadida choralar ko‘rishga chaqiradi.  

Respublikamizda ta’lim sifatini baholash va istiqbolini belgilash, ushbu maqsadga xizmat qiladigan barcha usul va vositalardan foydalanishni joriy etish, o‘qitish va tarbiyalash jarayonini optimallashtirish metodikasini ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada, ayniqsa, oliy ta’lim bilan qamrov, ta’lim sifatini ta’minlash, talabalarda tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot, innovatsion faoliyatni takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Shundan kelib chiqib, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida, qolaversa, inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasi o‘laroq 2023 yilning 7 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

Mazkur qaror bilan 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» bo‘yicha tegishlicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etish muhim vazifa sifatida belgilangan.  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2023 yil 1 iyundan boshlab har yili «Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovi o‘tkazib borilishi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtirilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.  

Milliy ta’lim dasturining asosiy vazifalari yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini, davlat organlari xodimlarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligi, zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida ta’lim-tarbiya tizimi samaradorligini oshirishdir.

Milliy ta’lim dasturi doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali samarali natijalarga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Umuman olganda aytish mumkinki, mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli, bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda.

Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayoti, dunyoqarashi, turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz» degan ulug‘vor maqsad shakllandi va «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga kirib bormoqda.  

 

G.Nurmuhammedova,  

O‘zbekiston Respublikasi  

Jamoat xavfsizligi universiteti  

dotsenti,  

F.Amonov, O‘zbekiston Respublikasi  

Milliy gvardiya Markaziy devoni  

katta ofitseri.

O‘zA