Xalqaro dzyudo kuni Nukus tumanining “Ulgili makon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Gulaim judo club” dzyudo klubining ikkinchi qo‘shimcha sport zali foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Yerkinbay Qutibayev va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Xalqaro dzyudo kuni hamda yangi sport zali foydalanishga topshirilishi bilan muborakbod etishdi.
Ta’kidlanganidek, 2022 yili “Gulaim judo club” dzyudo klubi o‘z ishini boshlagan edi. Mazkur klub asoschisi Guloyim Jumabayeva va uning ukasi Yernazar Sarsenboyev Jahon kubogi sovrindorlari, opasi Perida Jumabayeva va singlisi Indira Jumabayevalar Osiyo chempionati sovrindori, O‘zbekiston chempionati g‘oliblari hisoblanadi. Mazkur klubda bugungi kunda 150 nafarga yaqin yosh sportchi ana shu uka, opa-singillar qo‘l ostida shug‘ullanib kelishmoqda.
[gallery-25983]
Dzyudo klubi ochilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmasa ham tarbiyalanuvchilar ko‘plab sport musobaqalarida sezilarli darajadagi yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, Nurislom Mirzaliyev, Otabek Muxashev, Alpamis Niyetbayev, Shaxsanem Yespolova, Nargiza Abatbayevalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi chempionati va O‘zbekiston miqyosidagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
Dzyudo klubining qo‘shimcha sport zali foydalanishga topshirilishi nafaqat “Ulgili makon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududi, balkim boshqa mahallalar yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanish imkonini beradi.
— Men ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 19-sonli umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisiman. Dzyudo bilan ikki yildan beri murabbiyim Guloyim Jumabayeva qo‘l ostida shug‘ullanib kelyapman. Shu kungacha Qoraqalpog‘iston chempionatida bir necha bor g‘olib bo‘ldim. O‘zbekiston miqyosida o‘tgan musobaqalarda esa sovrinli o‘rinlarni egalladim. Sport klubimizda biz sportchi yoshlar uchun barcha qulayliklar mavjud, — deydi yosh sportchilardan biri Atabek Muxashev.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi sport zalida shug‘ullanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari