Prezident tashrifidan so‘ng...
Qarshi shahridagi “Qavali” kichik sanoat zonasida joylashtirilgan o‘ndan ortiq loyihaning oltitasi qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Bu ishlab chiqarish sub’ektlari orasida «Qarshi mebel» korxonasi ham bor. Uning loyiha qiymati sakkiz milliard so‘mdan ortiq.
Mamlakatimizda mebel ishlab chiqarish sanoati rivojlanmoqda. Bu, avvalo, yurtda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining olib borilayotgani, yangi-yangi inshootlar foydalanishga topshirilayotgani bilan bog‘liq. Yangi bunyod etilgan uyni, yangi qurilgan oilaning xonadonini jihozsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shunday ekan, bu yo‘nalishdagi ishlab chiqarish korxonalariga talab kamaymaydi.
Talab yuqori ekan, taklif ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Qashqadaryoda uch yuzdan ortiq o‘rta va kichik mebel ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularda minglab aholining ish bilan band bo‘layotgani masalaning yana bir muhim tomoni.
Bu raqamlar viloyatda mebelsozlikda hali qilinadigan ishlar ko‘pligini ko‘rsatadi. Fikrimizni raqamlarda izohlaymiz. Viloyatda mebelga bo‘lgan talabning 20-30 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoplanadi. Qolgan miqdor respublikamizning boshqa hududlaridan olinadi, chetdan import hisobidan qoplanadi.
Viloyat mas’ullari bu jihatga e’tibor qaratgan. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi tadbirkorlik sub’ektlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Katta-kichik investitsion loyihalar amalga oshirilayotir. Bir qator mahallalar atrofida mebel sanoati markazlari, kichik sanoat zonalarida esa zamonaviy korxonalar tashkil etilmoqda.
[gallery-14225]
– Uch yuz ellikdan ortiq turdagi yumshoq va qattiq mebel jihozlari ishlab chiqaramiz, – deydi «Qarshi mebel» korxonasi rahbari Salomat Komilova. – Korxonamizga Germaniya, Turkiya va Xitoy davlatlarining zamonaviy texnologiyalarini keltirib o‘rnatganmiz. Ko‘p va murakkab amallarni bajara oladigan qurilmalar mebellarimizning sifatli chiqishiga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda jamoamizda Qavali mahallasining 50 nafar yoshlari mehnat qilmoqda.
“Qavali” kichik sanoat zonasida bir yarim kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘i, bir kilometr elektr tarmog‘i, besh yuz metr tabiiy gaz tarmog‘i qurilgan. Ichki yo‘llar zarur talablarga javob beradi. Bu kabi omillar ishlab chiqarish sanoati rivojida muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari 25 oktyabr kuni ushbu sanoat zonasiga tashrifi davomida bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Ulardagi ish jarayoni, mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
Ushbu hududdagi “Karshi W and D Factory”, “Pegas” kabi korxonalarda ham mebel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ikrom Avvalboyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA