Toshkent viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablariga muvofiq namunaviy ko‘chalarni moslashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bu jarayondan maqsad hudud bo‘yicha to‘siqsiz muhitni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etishdir. Jumladan, Nurafshon shahri markazida 840 metr masofada taktil yuzali bruschatka qoplamasi yotqizilib, ovoz chiqaruvchi svetoforlar o‘rnatildi.


– Shahrimizda biz kabi nogironligi bor shaxslar uchun yaratilayotgan qulayliklar kundalik hayotimizda bemalol va mustaqil harakatlanishimizga katta yordam bermoqda, – deydi nurafshonlik Zuhra Husanova. – Ovozli svetoforlar, panduslar, maxsus yo‘lakchalar va boshqa infratuzilma yechimlari barcha hududlar uchun davr talabidir. Bugun shahar ko‘rinishini o‘zgartirayotgan keng ko‘lamli bunyodkorliklar jarayonida nogironligi bor insonlar ehtiyojlari ham inobatga olinayotgani bizni quvontiradi.


Shuningdek, viloyatning 22 ta tuman va shaharida jami 23 ta nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan ko‘chalarni tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Misol uchun, Yangiyo‘l shahridagi Sh.Rashidov va Samarqand ko‘chalarida 546 metr piyodalar yo‘laklarida ko‘zi ojiz shaxslar uchun ogohlantiruvchi va yo‘naltiruvchi taktil qoplamalar yotqizildi.


Shu bilan birga, Toshkent tumani Sh.Rashidov ko‘chasida 5100 metr yo‘lak ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan taktil qoplamalar bilan qoplandi. Yuqori Chirchiq tumani Chirchiq ko‘chasida 1300 metr yangi piyodalar yo‘lagi qurish ishlari davom etmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy yil yakuniga qadar Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlarida jami 22 ming 690 metr uzunlikdagi namunaviy, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan ko‘chalarni bunyod etilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zS5JqgJ9aFA" title="Imkoniyati cheklanganlarga to‘siqsiz muhit yaratilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, (curat, video), O‘zA