French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyati cheklanganlarga quvonch ulashib
18:31 / 2022-05-30

Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Kamolot” yoshlar bog‘ida Davlat xavfsizlik xizmati tashabbusi bilan imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha “DXX raisi kubogi” turnirining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2022 yil 11 apreldagi "Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori ijrosi doirasida viloyat sportni rivojlantirish hamda Yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan “aql-idrok” turnirida 7 yoshdan 70 yoshgacha nogironligi bor, ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolari, eshitishda nuqsoni bo‘lgan 30 nafardan ziyod havaskor shaxmatchi g‘oliblik uchun bellashdi. O‘yinlarni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan amaldagi qoidalariga asosan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi. 

– Yoshligimdan sportga oshno tutinganman. Avvaliga, sharqona yakkakurash turlari bilan ma’lum muddat shug‘ullanganman. Hayotimda yuz bergan sinov sababli amaliy sport turlaridan yiroqlashishga to‘g‘ri keldi, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi 27 yoshli A’zamjon Hakimjonov. – DXX tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan musobaqada birinchi bor qatnashayotganimdan bag‘oyat xursandman. Negaki, sog‘ayib ketishga bo‘lgan umidim oshdi. Shaxmat bahona e’tibor og‘ushida bo‘ldim, do‘stlar orttirdim. 

Ochiq osmon ostida qiziqarli va hayajonli lahzalarni tuhfa etgan musobaqada erkaklar o‘rtasida Yangi Namangan tumani vakili Habibullo Aliyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni kosonsoylik Muhammad Hamdamov egalladi. Norinlik Jamoliddin Kamolov kuchli uchlikdan joy oldi. Ayollar ishtirokidagi bellashuvlarda Pop tumani shaxmatchisi Sabohat Ikromaliyevaga teng keladigan munosib raqobatchi topilmadi. Uychilik Muyassar Fayzullayevaga shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. Uchinchi o‘rin esa chustlik Mahbuba Haydarovaga nasib etdi. 

Tantanali taqdirlash marosimida musobaqaning g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari, diplomlar topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev,O‘zA.