Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyati cheklangan shaxslarni sportga jalb etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
16:12 / 2025-09-16

2025 yil 19 avgust kuni Qonunchilik palatasining majlisida sport vaziri A.Ikromovga “Aholining keng qatlamlari, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovi yuborilgan edi. Unda sport maktablarining moslashtiruvchi sport turlari bo‘yicha jihozlanganlik holati, jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislarni tayyorlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgandi.

Qonunchilik palatasining bugungi majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdilar.

Vazirning javobida keltirilishicha, respublikada jami bir millionga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarning 80 ming nafari 19 ta sport turlari bilan shug‘ullanib kelyapti. Mahallalardagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ommaviy sportga, shu jumladan, “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalariga yanada kengroq qamrab olish maqsadida joriy yildan bir qator qulayliklar yaratilib, musobaqa ishtirokchilarining yoshiga bo‘lgan cheklov bekor qilindi. Sport turlarining soni 6 tadan 13 taga ko‘paytirildi. 

Ommaviy sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan, hududida sport infratuzilmasi rivojlanmagan mahallalarga 2022-2024 yillar davomida 1 ming 369 ta sport maydonchalari qurilib, foydalanishga topshirildi. 2025 yil yakuniga qadar jami mahallalarda 400 ta sport maydonchalari qurilishi belgilangan.

Vazir javobida keltirilishicha, bugungi kunda vazirlik tizimidagi sport-ta’lim muassasalari, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tibbiyot jihozlari va buyumlari bilan ta’minlangan. Birgina 2025 yilning o‘tgan davrida sport-ta’lim muassasalari 12 nomdagi 1 ming 962 ta tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlangan.

Olimpiya va paralimpiya markazlariga 2024 yilda Sport vazirligi tomonidan 7 ming dona o‘quvchilar sport formasi, 2,7 mlrd. so‘mlik og‘ir atletika sport jihozlari markazlashgan holda yetkazib berilgan.

Imkoniyati cheklangan sportchilarga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari para sportchilarni yotoqxonalarining birinchi qavatidan xonalar ajratib, kirish chiqish joylariga panduslar o‘rnatilgan.

Bugungi kunda imkoniyati cheklangan shaxslarni sportga keng jalb etish uchun sport-ta’lim muassasalarida bepul xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, ularning adaptiv turlari bilan ommaviy va professional shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.

Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilgani qayd etilib, vazirning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA