Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyati cheklangan o‘quvchilar e’tiborda
15:41 / 2023-07-24

Andijonda “Nurli maskan orzusi” VI-Respublika forumi bo‘lib o‘tdi.

Asaka tumanidagi 16-sonli ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashgan maktab-internatda o‘tkazilgan forumda respublikamizdagi barcha “Nurli maskan” maktab-internatlari direktorlari, ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari, tuman hokimligi, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

Forumda “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilariga sifatli ta’lim va tarbiya berish, ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish xususida atroflicha so‘z yuritildi.  

– “Nurli maskan” maktablarida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar xususida fikr almashilganligi shubhasiz, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnoraxon Abduvohidova. – Mazkur maktablar o‘quvchilarining jismoniy imkoniyatidan kelib chiqib, ularni sog‘lom, ma’nan yetuk inson qilib tarbiyalash, dunyoqarashini boyitish, sport turlariga qiziqtirish, qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiluvchi madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratish lozim.  

Forumda Andijon viloyati IIB tomonidan otaliqqa olingan 16- Nurli maskan ixtisoslashtirilgan maktab-internatida belgilangan barcha ishlar namunali tarzda olib borilayotganligi, tuman hokimligi, biriktirilgan mas’ullar tomonidan maktab ma’muriyatiga, mutaxassislarga zarur yordam ko‘rsatilayotgani alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari tomonidan qaror ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalar, mavjud muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.  

Yakunda Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda Asaka tumani hokimi Bekzod Ummatov tomonidan maktab jamoasiga esdalik sovg‘alar, maishiy texnika jihozlari topshirildi.  

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA