Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida
16:09 / 2023-03-27

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun transportdan foydalanishda qulay muhitni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda tadbir tashkilotchilari tomonidan ishtirokchilarga “Yandex Go” safarlarni onlayn buyurtma qilish xizmati imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar shahar bo‘ylab bemalol harakatlanishiga yordam beradigan loyihalar xususida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, yaqin kelajakda servis ilovani imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun moslashtirish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun “Yandex Go” kompaniyasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va “ShAROIT PLYUS” nogironlar uyushmasi vakillari bilan birgalikda maxsus imkoniyatlar ekrani va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqadi. Bu foydalanuvchilarga haydovchini oldindan, ya’ni safarga chiqishdan oldin nogironlar aravachasida bo‘lishlari yoki mashinani topish va unga o‘tirish uchun yordam kerakligi haqida ogohlantirish imkonini beradi. Bundan maqsad esa imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun sayohat sifati va qulayligini oshirishga qaratilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan “ShAROIT PLYUS” nogironlar uyushmasi rahbari Muhabbat Rahimovaning ta’kidlashicha, uyushma “Yandex Go” kompaniyasi bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziv ish bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirmoqda.

–Hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi turli shakldagi nogironligi bo‘lgan fuqarolar shahar bo‘ylab harakatlanishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu sababli, ko‘plab nogironlar “Yandex Go” kompaniyasi taqdim etgan xizmatlardan foydalanadi. Ammo moliyaviy holati tufayli ular har kuni taksi xizmatidan foydalana olmaydi. 2022 yil oktyabr oyidan boshlab ushbu kompaniya tashkilotimiz bilan yaqindan hamkorlik qilib, bizga sayohatlar uchun promo-kodlarni taqdim etib kelmoqda. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslarning munosib bandligini ta’minlash bo‘yicha ishplus.uz loyihasi xodimlarimiz ishini samarali tashkil etishga xizmat qilayotir. bugungi tadbirda ham imkoniyati cheklangan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida kompaniya o‘zining navbatdagi hamkorligini taqdim etmoqda, –dedi M.Rahimova.

Aytish joizki, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan insonlar davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Ularning bandligini ta’minlash va qulay shart-sharoitlar yaratish bugungi kunda yanada muhim vazifalar sifatida qaralmoqda. Shuningdek, bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash ham samaralidir. Tadbirda taqdim etilayotgan loyihalar bu kabi insonlar hayotida katta ahamiyat kasb etadi.

–Biz shahar bo‘ylab erkin va qulay harakatlanish hamma uchun teng bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz, – dedi “Yandex Taxi” rivojlantirish bo‘yicha MDH direktori Kirill Svinsov. –Biz muntazam ravishda xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlik qilamiz va ularning vasiyligidagi shaxslarga kasalxonalar, do‘konlar va boshqa ishlarga bepul yetib olishlariga yordam beramiz. Ilovalarni moslashtirish bo‘yicha yangi tashabbus biznes, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik nogironlar uchun hayot sifati va shahar imkoniyatlaridan foydalanishda qo‘l keladi.

Tadbirda “Yandex Go” kompaniyasi tomonidan “ShAROIT PLYUS” nogironlar uyushmasiga uzoq muddatli hamkorlik sertifikati taqdim etildi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri