Yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Barcha fuqarolar kabi nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kunida yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Turkiston” tantanalar majmuasida sana munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri ham mamlakatimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligini ko‘rsatdi.
Tuman hokimligi, Nogironlar jamiyati va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tuman bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirga imkoniyati cheklangan insonlar taklif etildi.

Davlatobod tumanida bugungi kunda 3 mingga jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaro bo‘lib, ularga joriy yilning o‘zida byudjet mablag‘lari, homiy va hamkor tashkilotlar ko‘magida 60 dona aravacha, 33 ta eshitish apparati, reabilitatsiya texnik vositalari, 37 ta protez-ortopediya moslamasi yetkazib berildi, 257 nafariga Respublika miqyosidagi davolash-profilaktika muassasalariga yo‘llanmalar berildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga tashkilotchilar va homiylarning esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan kishilarning 12 nafariga nogironlik aravachasi berildi.
Oqilxon Dadaboyev, ЎзА