Motivatsiya!
Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar siyosati bilan shug‘ullanuvchi alohida tizim shakllandi, mas’ul davlat organlari va jamoat tuzilmalari faoliyati muvofiqlashtirildi.
Ayniqsa, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi islohotlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ta’lim va yashash xarajatlarini qoplash, ehtiyojmand va iqtidorli yoshlarning xorijdagi nufuzli tanlovlar va ta’lim dasturlarida qatnashish, o‘qish va sarf-xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq bir qator davlat darajasidagi qo‘llab-quvvatlash tizimlari va tashabbuslar o‘z samarasini bermoqda.
16 yoshli Jo‘rabek Jo‘rayev Toshkent shahridagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasining 9-sinfida o‘qiydi. U o‘qishdan bo‘sh vaqtida 6-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida fortepiano mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oladi.

Jo‘rabek o‘zining musiqaga bo‘lgan iqtidori tufayli 30 dan ortiq musiqiy-ijrochilik tanlovlarida qatnashib, katta muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya davlatlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovlarda birinchi o‘rinni egallagan Jo‘rabek xalqaro ekspertlarning ham e’tiborini o‘ziga jalb etgan. Shu bois, so‘nggi yillarda u turli davlatlarda bo‘lib o‘tadigan yosh ijrochilar tanlovlariga taklif etilmoqda.
O‘tgan yilning iyun oyida Jo‘rabekning otasi Bahriddin Gadoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayevaning qabuliga kelib, murojaat qildi. Unga ko‘ra, Jo‘rabek Jo‘rayev 2025 yilning noyabr oyida Gruziya davlatida bo‘lib o‘tadigan yosh ijrochilar xalqaro tanlovida qatnashish uchun taklif etilgan. Ammo oila safar bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun mablag‘ topishda qiyinchiliklarga duch kelgan.
— Jo‘rabek bilan yaqindan tanishganimda uning juda iqtidorli ekanligiga guvoh bo‘lganman, — deydi deputat, professor, kompozitor Oydin Abdullayeva. — Shuning uchun Gruziyada bo‘ladigan yosh ijrochilar xalqaro tanlovida uning yurtimiz nomidan ishtirok etishini o‘zim ham juda xohlagandim. Ammo oilaning safar sarf-xarajatlari uchun imkoniyati yo‘qligini har tomonlama o‘rganib chiqqanimdan so‘ng O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligiga murojaat qildim. Agentlik mutasaddilari bilan bo‘lgan suhbat natijasida Jo‘rabek Jo‘rayevning Gruziyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovda qatnashishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni qoplash yuzasidan ko‘mak ko‘rsatishga kelishib olindi. Oradan bir necha oy o‘tib, Jo‘rabek Jo‘rayev Gruziyaning Tbilisi shahrida bo‘lib o‘tgan yosh ijrochilar xalqaro tanlovida muvaffaqiyatli qatnashib, birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu muvaffaqiyat, avvalo, Jo‘rabekning, qolaversa, yosh yigitning o‘z salohiyatini namoyon etishiga ko‘maklashgan barcha insonlarning umumiy yutug‘i bo‘ldi.

Darhaqiqat, Gruziyada o‘tgan tanlov jarayonini kuzatgan xalqaro ekspertlar Jo‘rabek misolida O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ushbu qatlamning ehtiyojlarini aniqlash va o‘z vaqtida manzilli yordam ko‘rsatish yuzasidan olib borilayotgan ishlarning samaradorligini e’tirof etdi. Bu e’tirof nafaqat alohida bir yosh yigitning muvaffaqiyati, balki mamlakatda inklyuzivlik, ijtimoiy adolat va inson qadrini ulug‘lash tamoyillari izchil amalga oshirilayotganining xalqaro maydonda tan olinayotganini anglatadi, — deydi Oydin Abdullayeva.
Yurtimizda Jo‘rabek singari aslida imkoniyati cheklangan emas, balki imkoniyatlari cheksiz bo‘lgan iste’dodli yoshlar talay. Ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga ko‘mak berilayotgani e’tiborga molik. Bugun Jo‘rabekning oldida turgan rejalar katta umid va ishonch bilan bog‘liq. Uning bugungi yutuqlari kelgusidagi ulkan muvaffaqiyatlari uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Jo‘rabek bu yil dunyoning turli davlatlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovlarda qatnashish uchun taklif etilgan. Shuning uchun ham u fortepiano ijrochiligi ustida tinmay shug‘ullanmoqda.
Jo‘rabekning kelajakda jamiyatga yanada muvofiqlashib, mustaqil hayot kechirishga qodir bo‘lishi va o‘zini-o‘zi eplay oladigan fuqaro sifatida shakllanishida jamoatchilik tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy va ma’naviy ko‘mak muhim ahamiyatga ega. Bunday qo‘llab-quvvatlash nafaqat Jo‘rabekning shaxsiy rivoji, balki jamiyatda imkoniyati cheklangan shaxslarning faol hayotga jalb etilishi uchun ham ibratli namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA