Sirdaryo viloyatida imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida shaxmatni ommalashtirish hamda inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Guliston tumanidagi 11-sonli “Nurli maskan” maktab-internatiga Brayl shaxmat jamlanmalari va maxsus adabiyotlar topshirildi.
Ushbu ezgu tashabbus Sirdaryo viloyati Shaxmat federatsiyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida bildirilgan takliflar asosida amalga oshirildi. Yig‘ilishda federatsiya raisi etib saylangan, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov shaxmatni jamiyatning barcha qatlamlari o‘rtasida ommalashtirish zarurligini alohida ta’kidlagan edi.

Shundan so‘ng, “Nurli maskan” maktab-internati shaxmat murabbiysi Mastura Tuyinbayeva tomonidan mazkur maskanni brayl shaxmat jamlanmalari bilan ta’minlash yuzasidan viloyat hokimligiga murojaat yo‘llandi. Murojaat tezda ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Murojaat ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat Shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari tomonidan maktab-internatga kerakli jihozlar va maxsus adabiyotlar yetkazib berildi.

– Bu g‘amxo‘rlik dunyoni yorqin ranglarda ko‘ra olmayotgan bolalar uchun katta motivatsiya bo‘ldi, – deydi Mastura Tuyinbayeva. – Shaxmat ularning fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, o‘z qobiliyatlarini namoyon etish va jamiyatda munosib o‘rin egallashlarida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri