Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ijodiy ustaxona ochildi
20:55 / 2021-03-31

Respublika «Hunarmand» uyushmasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida salomatligida muammosi bor va imkoniyati cheklangan bolalar uchun ijodiy ustaxona ochildi.

Ushbu ijodiy ustaxonada gips va miniatyura, milliy o‘yinchoqlarni yasash, kulolchilik, bisser to‘qish, kashtachilik, kigiz bosish kabi yo‘nalishlarda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ma’lumki, turli badiiy mahsulotlar va texnika bilan ishlash barcha bolalarda amaliy san’atga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish bilan birga, mustaqil ijod qilishga rag‘batni uyg‘otadi. Imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy moslashuvda ijodiy qobiliyatni rivojlantirishning an’anaviy (applikatsiya, narsa yasash, qo‘l mehnati) va noan’anaviy (plastilin, mum, shag‘am bilan chizish, don, tugmalar bilan ishlash, kulolchilik, ganchkorlik, uyg‘unlashgan applikatsiya, ya’ni kigiz, bisser, to‘r, tasmalardan foydalanib tikish, to‘qish, yasash) usullari orqali to‘garaklarga jalb qilinmoqda.

Bu kabi to‘garaklarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad bolalarda amaliy san’atga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, mustaqil ijod qilishga rag‘batni uyg‘otish, turli badiiy materiallar va texnika bilan ishlash orqali ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish, imkoniyati cheklangan bolalarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish, mayda va yirik qo‘l matorikalarini rivojlantirish, bolalarda diqqat tanqisligi va gipperfaollikni bartaraf etishda yordamlashishdan iborat.

Ustaxonada tashkil etilgan to‘garaklar haftada ikki marotaba, imkoniyati cheklangan bolalarning faol harakatlanish vaqtida olib boriladi. Bunda ota-onalarning bevosita ishtirok etish imkoniyatlari ham inobatga olingan.

Ushbu to‘garaklarga bugungi kunda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markaziga qatnab, mutaxassislar ko‘magidan foydalanayotgan, salomatligida imkoniyati cheklangan bolalar jalb qilingan. 

Har bir bola bilan ishlash xususiyatlariga bog‘liq ravishda, hunarmand ustalarning tavsiyasiga binoan to‘garak yo‘nalishlarida 4-5 bola shug‘ullanadi. Bolalar muayyan malakaga ega bo‘lgach, bu faoliyat bilan shug‘ullanishni davom ettirishni istaganlar yakka tartibdagi hunarmandga biriktiriladi.

To‘garaklarda shug‘ullanishni istovchilar yetarli bo‘lganligi sababli qo‘shimcha guruh tuzilishi ham rejalashtirilgan.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA