Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyati cheklangan, ammo orzulari cheksiz o‘quvchilar
15:11 / 2026-01-06

Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan bu yil ilk marotaba mamlakatimiz bo‘ylab “Men ham shu yurtning bir bo‘lagiman” shiori ostida “Sen iste’dodlisan” respublika ko‘rik-tanlovi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Jumladan, mazkur tanlov Farg‘ona viloyatida ham o‘zi xos tarzda o‘tkazilib, ko‘plab iste’dod egalarini kashf etdi.

Mazkur tanlovning asosiy maqsadi alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilarning iqtidorini yuzaga chiqarish, ularni san’at va ijodga kengroq jalb etish, shuningdek, jamiyatdagi faolligini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Tanlov davomida o‘quvchilar o‘z iqtidor va mahoratlarini tasviriy san’at hamda estrada-vokal yo‘nalishlarida namoyon etdi. Ularning ko‘zlaridagi quvonch, sahnadagi ishonch hamda ijoddagi samimiyat barchaga iliq tuyg‘ular hadya etdi.

Tanlov g‘oliblari hamda sovrindorlariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan ajoyib bayram tuhfasi taqdim etildi. Ular ota-onalari va o‘qituvchilari hamrohligida Toshkent shahriga 3 kunlik bepul sayohatga yuborildi.

Ayni kunlarda ular poytaxtimizning diqqatga sazovor tarixiy obidalari va ziyoratgohlarida bo‘lib yurtboshimiz boshchiligida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishmoqda.

Mazkur sayohat imkoniyati cheklangan, ammo irodasi, iste’dodi va orzusi cheksiz bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va mehrning yorqin ifodasidir.  

Mohigul Qosimova, O‘zA