Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyat va samara
14:49 / 2016-05-20

Jizzax viloyatida joriy yilning birinchi choragida sanoatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan umumiy qiymati 16,7 milliard so‘mlik 30 loyiha amalga oshirildi.

Jizzax viloyatida joriy yilning birinchi choragida sanoatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan umumiy qiymati 16,7 milliard so‘mlik 30 loyiha amalga oshirildi.

Xomashyoni qayta ishlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan korxonalar tashkil etish, yangi quvvatlarni ishga tushirishga qaratilgan bu loyihalar viloyat iqtisodiyoti rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Joriy yilning birinchi choragida 372,8 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,5 foiz ko‘pdir. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turini ko‘paytirish, sifatini yaxshilashda korxonalar zamonaviy texnologiyalar bilan qayta jihozlanayotgani yuksak samara bermoqda. Birinchi chorakda 11 korxona modernizatsiya qilindi. Natijada qo‘shimcha 21,8 milliard so‘mlik 20 ga yaqin turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

“Jizzax” maxsus industrial zonasidagi “Ekoklimat” korxonasida yiliga 10 ming tonna shisha tolali issiqlik saqlash mahsulotlari, “Broadband solutions” korxonasida elektronika apparatlarining butlovchi qismlari, Jizzax shahridagi “Haqiqat-Otabek” korxonasida oynaga ishlov berish, “Elektro elant fayz” korxonasida transformator, G‘allaorol tumanidagi “Karshan ideal texno” korxonasida asfalt ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

– Davlatimiz rahbari rahnamoligida tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, maxsus industrial zonada zamonaviy aloqa tarmoqlarida qo‘llaniladigan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik, – deydi “Broadband solutions” korxonasi bosh direktori Irismat Fayzullayev. – Hozirgacha 1 milliard 700 million so‘mlik mahsulot sotdik. Kelgusi yildan boshlab mahsulotni eksportga chiqarishni rejalashtirganmiz.

Sanoat sohasida kuzatilayotgan muhim o‘zgarishlardan biri hududiy mahsulot hajmi ortayotganidadir. Bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 45,3 foizi hududiy korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelayotir.

Viloyatda mahalliylashtirish dasturi asosida joriy yilda 3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Birinchi chorakda 431,5 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. “Jizzaxplastmassa” aksiyadorlik jamiyati, “Imorat ADA” xususiy korxonasi, “Olmachi polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Quyosh issiqlik energiyasi” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahalliylashtirilgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi viloyat tadbirkorlari uchun o‘z mahsulotini sotish, xomashyo va butlovchi qismlar olish, yangi hamkorlar topishda muhim ahamiyat kasb etayotir. 2015-yili o‘tkazilgan yarmarkada viloyatdagi 78 korxona tomonidan 52 milliard so‘mlik shartnomalar imzolangan bo‘lsa, joriy yilda ularning hajmi yanada ortdi.

Sanoat sohasida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar hududiy eksport tarkibini ham o‘zgartirmoqda. Ilgari asosan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, ayni paytda qurilish mollari, tayyor kiyimlar ham xorijga chiqarilayotir.

Soha rivojida tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar ham alohida ahamiyat kasb etayotir. Joriy yilning o‘tgan oylarida tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga ajratilgan 107,6 milliard so‘mlik kreditning 19 foizi sanoat sohasidagi yangi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirildi. Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik biznesning ulushi 48,9 foizga yetdi.

– Prezidentimizning 2016-yil 22-fevraldagi “Hududlarni kompleks rivojlantirishni ta’minlashda mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida boshqaruv tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qilmoqda, – deydi Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Kenjayev. – Mazkur hujjatga ko‘ra, viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi o‘rnida viloyat hokimligining hududni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi tashkil etildi. Boshqarma tarkibida iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu har bir hududni mavjud zaxira va foydalanilmayotgan imkoniyatlarni hisobga olgan holda rivojlantirish, qishloqda ishlab chiqarish sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilda Do‘stlik tumanida xorij sarmoyasi ishtirokida yiliga 3,5 million dona tayyor kiyim, Zomin tumanida yiliga 1,5 million juft paypoq ishlab chiqaradigan, G‘allaorol tumanida volframni qayta ishlovchi korxonalar barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.