Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy o‘quv seminari tashkil etildi. Unda viloyatning turli hududlaridan kelgan 60 nafar tadbirkor ayol ishtirok etdi.
Tadbir doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish jarayonlarining huquqiy va amaliy jihatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Jumladan, eksport-import operatsiyalarini rasmiylashtirish tartibi, elektron deklaratsiyalash tizimining afzalliklari, “yashil yo‘lak” mexanizmlari orqali tezkor rasmiylashtiruv imkoniyatlari, bojxona to‘lovlari bo‘yicha amaldagi imtiyozlar, tovarlarni to‘g‘ri tasniflash va sertifikatlash masalalari keng yoritildi. Shuningdek, tashqi bozorlarga chiqishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan huquqiy talablar va amaliy jihatlar bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

– Mazkur o‘quv tadbiri ayol tadbirkorlar uchun tashqi iqtisodiy faoliyatga oid bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qiladi deb o‘ylayman, – deydi Sanobar Abdurazzoqova. – Seminar davomida rasmiylashtirish tartib-taomillari, elektron tizimlar imkoniyatlari va amaldagi imtiyozlar bo‘yicha aniq tushuntirish hamda amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa ularga ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksport qilish yoki xorijdan olib kelinayotgan uskuna va xomashyoni rasmiylashtirish jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etishda samarali yordam beradi.

G‘ulom Primov, Doston Qalandarov (surat), O‘zA