Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyat, imtiyoz bor, faqat ishlash kerak...
18:55 / 2025-07-16

Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasi tomonidan hududlarda kichik va o‘rta biznesni yanada rivojlantirish, bu borada ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Navbatdagi ana shunday tadbir Mo‘ynoq tumanida bo‘ldi.

Yuzma-yuz muloqotda soliq boshqarmasi rahbariyati va tuman hokimi ishtirok etdi. Kichik va o‘rta biznesni yanada rivojlantirish, bu borada ushbu tarmoq vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilgan imtiyozlar, soliq yengilliklari, tadbirkorlarning barqarorlik reytingi, sohaga oid so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, kichik va o‘rta biznesning jadal rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlarda biznes muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi yangi biznes tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashish, raqobatbardosh mahsulotlar bilan yangi tashqi bozor segmentlariga chiqishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbarining joriy yil 19 mart kuni “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon bilan 2025 yil 1 maydan boshlab “o‘zini o‘zi band qilgan shaxs — yakka tartibdagi tadbirkor — kichik biznes — o‘rta biznes — yirik korxona» zanjiri asosida tadbirkorlik sub’ektlarining yiriklashuvini rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy qilindi. Jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi. O‘z faoliyatini tegishincha yakka tartibdagi tadbirkor, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida 150 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. O‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik sub’ektlariga bir yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) yetti kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Ochiq muloqotda tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarga yechim topish hamda ularning biznesini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilarga ushbu farmon bilan tadbirkorlarga yaratilgan soliq imtiyozlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi hamda ular o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Tadbir so‘nggida soliq ma’murchiligiga amal qilib ilg‘or natijalarga erishib kelayotgan bir guruh soliq to‘lovchilarga minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri