Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imkoniyat, g‘amxo‘rlik va bag‘rikenglik namunasi
17:59 / 2025-04-18

Hayot bir tekisda emas, pastu balandi, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llari bor. Gohida qanday yashash o‘zimizga bog‘liq deymizu, bilib-bilmasdan xatoga ham yo‘l qo‘yamiz.

Prezidentimizning “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni yo‘ldan adashgan, qilmishi oqibatini o‘ylamasdan jinoyat yo‘liga kirib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan shaxslar uchun g‘amxo‘rlik va imkoniyatlarni taqdim etdi. 

Mazkur hujjat ijrosi doirasida Namangan viloyatidan 26 nafar mahkumga nisbatan afv qo‘llanildi. Ushbu shaxslardan 23 nafarining jazosi muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilib, uch nafarining jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi. 

Ozod etilgan shaxslarning jamiyatda munosib o‘rin topishi, bandligini ta’minlash, yana qayta jinoyat ko‘chasiga kirib qolmasliklari uchun profilaktik tadbirlarni tashkil etish maqsadida Namangan viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya boshqarmasi tomonidan mahalliy hokimliklar, sog‘liqni saqlash, bandlik muassasalari bilan hamkorlikda zarur amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhammadov Namangan shahar hokimligi katta majlislar zalida afv etilganlar uchun sayyor qabul va uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda viloyat IIB rahbariyati, shahar-tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilotlar va sohaviy xizmat vakillari, afv etilgan shaxslarning istiqomat hududlaridagi “mahalla yettiligi” xodimlari, profilaktika va probatsiya inspektorlari ishtirok etdi. 

Muloqotda xalqimizga xos bag‘rikenglik, insonparvarlik, kechirimlilik xislatlariga yo‘g‘rilgan farmonga asosan o‘z oilasiga qaytgan shaxslar bilan birma-bir suhbat o‘tkazildi. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ularga jamiyatga moslashishda, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratishda qaratilayotgan e’tibor xususida so‘z yuritildi.

Afv qilinganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash, bandligini ta’minlash va boshqa masalalar yuzasidan daxldor tashkilot va muassasalar mutasaddilariga tegishli topshiriqlar yuklatildi. Uchrashuv davomida aniqlangan muammolarning aksariyati o‘rnida bartaraf etilib, muddat talab etadigan murojaatlarga mas’ullar biriktirildi. 

– Joylarda probatsiya guruhi inspektorlari tomonidan shahar, tuman hokimliklari hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda yaqinlari bag‘riga qaytgan shaxslarning yashash xonadonlarida bo‘lib, oilaviy sharoiti va muammolari o‘rganildi. Jumladan, barcha 26 nafar shaxs chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, afv qilinganlarga bir martalik moddiy yordam pullari taqdim etildi. Ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, kichik biznes va hunarmandchilikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlar uchun belgilangan ilk ijtimoiy-moddiy yordam majmuasi berildi. Qolaversa, afv etilganlarni hayotga moslashtirish, ish bilan ta’minlash, muqim daromad manbaini yaratish borasida chora-tadbirlarga alohida ahamiyat qaratilmoqda, – deydi Namangan viloyati IIB JXX probatsiya boshqarmasi inspektori, podpolkovnik Abdurahmon Boboyev. 

Bugungi kunga qadar afv qilingan fuqarolardan jami 22 ta murojaat kelib tushib, ularning 11 tasi kreditdan foydalanish olish, to‘rttasi subsidiya olish, to‘rttasi davolanish, uchtasi ishga kirish bilan bog‘liq. E’tiborlisi, murojaatlarning 20 tasi qisqa muddatlarda ijobiy hal etildi. Masalan, kredit yuzasidan 10 nafar shaxsning murojaati qanoatlantirilgan bo‘lsa, biri kishi keyinchalik o‘z xohishiga ko‘ra, kredit olishni rad etdi. 

– Yaqinda jazoni ijro etish muassasasidan ozod etildim. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan mahallamizda o‘tkazilgan tadbir men uchun yangicha hayot boshlash nuqtasi bo‘ldi, – deydi Yangi Namangan tumani Kelajak tongi mahallasida istiqomat qiluvchi Ma’sumxon Abdullayev. – Mehnat yarmarkasi va tibbiy ko‘rikda o‘zimga munosib ishga yo‘llanma olib, tibbiy ma’lumotnomaga ham ega bo‘ldim. Qolaversa, menga tikuvchilik va novvoychilik uchun subsidiya taqdim qilinishi aytildi. Bunday g‘amxo‘rliklarga javoban kelgusida faqat halol mehnat qilib, bildirilgan ishonchi oqlayman. 

Darhaqiqat, yurtimizda inson va uning qadri yuksalayotgani, baxtli va farovon yashashi uchun shart-sharoitlar yaratilayotgani, ayniqsa, yo‘ldan adashganlarning hayotini o‘nglash borasida salmoqli ishlar qilinayotgani e’tirofga molik. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri