Mobil qurilmani xarid qilib olgandan so‘ng uning IMEI kodlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelish holatlarining oldini olish, xaridorga o‘z vaqtida tegishli ma’lumot berish uchun UZIMEI tizimining rasmiy veb sayti, SMS yoki USSD so‘rovlar yordamida xarid qilinayotgan mobil qurilmaning IMEI kodini tekshirish bilan uning qanday yo‘l bilan ro‘yxatdan o‘tganligini aniqlash imkoniyati yaratildi.
Ya’ni sotib olingan mobil qurilma IMEI kodini tekshirganingizda ikki turdagi javobni olishingiz mumkin bo‘ladi ;
1. Siz mobil qurilma sotib olishingizdan oldin uning IMEI kodini UZIMEI.UZ rasmiy veb sayti, SMS yoki USSD so‘rovlar yordamida tekshirganingizda quyidagi rasmda ko‘rsatilgan javob berilsa, ushbu mobil qurilmani sotib olish tavsiya etiladi hamda ushbu mobil qurilma O‘zbekiston xududiga sotish uchun rasmiy olib kirilgan hisoblanadi:

2. Siz mobil qurilma sotib olishingizdan oldin uning IMEI kodini UZIMEI.UZ rasmiy veb-sayti, SMS yoki USSD so‘rovlar yordamida tekshirganizda quyidagi rasmda ko‘rsatilgan javob berilsa, ushbu mobil qurilmani sotib olish tavsiya etilmaydi, bu mobil qurilma jismoniy shaxsning pasport ma’lumotlari yordamida shaxsiy foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda pasport egasining murojatiga asosan tizimdan o‘chirilishi mumkin:

Tizim operatori sizning mobil qurilmangizni ro‘yxatdan o‘tkazishni tavsiya qiladigan rasmiy xizmat ko‘rsatish punktlari haqida batafsilroq gaplashmoqchimiz.
Siz UZIMEI markaziy ofisida mobil qurilmangizni tekshirib ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkin, bundan tashqari uyali aloqa operatorlari IMEI kodlarini ro‘yxatga olish ishlari UzMobile, Ucell, MOBIUZ aloqa operatorlari tomonidan barcha rasmiy nuqtalarida, pochta bo‘limlarida hamda uzimei.uz. sayti orqali ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda.
Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida hozir Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish punktlari mavjud. Tizim operatori mamlakatimizning barcha hududlarida xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ochishda davom etmoqda.
Bir oydan buyon mamlakatimizdagi eng yirik savdo majmualaridan biri bo‘lgan “Malika” bozorida tizim operatorining punkti faoliyat yuritib kelmoqda. Savdo majmuasiga kelgan har qanday xaridor mobil qurilmani sotib olishdan oldin IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tganligi yoki o‘tmaganligini tekshirishi mumkin, kimni nomidan ro‘yxatdan o‘tganligi (birovning pasport ma’lumotlariga), rasmiy ravishda import qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni olishi mumkin. Bu xizmatlardan fuqarolar “Malika” majmuasidan chiqmagan holda foydalanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz: iste’molchi (xaridor) ro‘yxatdan o‘tish jarayoni bilan shug‘ullanmasligi va ro‘yxatdga olish uchun to‘lovni amalga oshirmasligi kerak.
Ro‘yxatga olish uchun javobgarlik iste’molchi (xaridor)ga emas, importyor (sotuvchi)ga tushadi.
Siz o‘zingiz bilan xorijdan olib kelingan (yoki pochta jo‘natmasi orqali olingan) shaxsiy mobil qurilmalarni faqat UZIMEI tizimining rasmiy ro‘yxatdan o‘tish punktlarida ro‘yxatdan o‘tkazishingizni tavsiya etamiz.
Ma’lumot uchun: 2018 yilda mamlakatimizga rasmiy ravishda 13,5 mingta mobil qurilma import qilingan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 40 barobarga, 2020 yilda esa 111 barobarga oshgan. Joriy yilning 6 oyida ushbu ko‘rsatkich 850 mingdan oshdi.
O‘zA