So‘nggi kunlarda “SpaceX” atrofida qiziq savollar muhokama qilinmoqda: kompaniya raketalardan keyin smartfon ham chiqarmoqchimi? Gap oddiy telefon haqida emas, balki sun’iy yo‘ldoshga bevosita ulanadigan aloqa vositasi haqida ketmoqda.
“Reuters” yozishicha, Ilon Mask kompaniyasi“Starlink” brendi ostida maxsus qurilma ustida ishlamoqda. Ushbu g‘oya telefonni mobil minoralarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri orbitadagi yo‘ldoshlarga ulash imkonini berishi mumkin.
Maskning o‘zi esa mish-mishlarga ehtiyotkorona yondashmoqda. Milliarder “X” (sobiq Twitter) tarmog‘ida “Biz oddiy smartfon ishlab chiqarmoqchi emasmiz”, deb yozdi.
Aslida “SpaceX” mobil aloqa bozoriga allaqachon qadam qo‘ygan. Kompaniya “T-Mobile” bilan hamkorlikda mavjud smartfonlarga “Starlink” orqali signal yetkazish ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldosh chastotalarini sotib olish bo‘yicha 19,6 milliard dollarlik kelishuv ham tuzilgan.
Bugungi kunda “SpaceX” orbitada 9 500 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshga ega. Ularning qariyb 650 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilmaga ulanadigan aloqa uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kelajakda hatto eng chekka hududlarda ham aloqa ta’minlanishini ko‘zlaydi.
Xulosa shuki, “Starlink” logotipi tushirilgan oddiy smartfon hozircha yo‘q, ammo aloqa qoidalarini tubdan o‘zgartiradigan yangi turdagi qurilma yaratilishi ehtimoldan xoli emas. Mask uchun bu navbatdagi “telefon” emas, balki global aloqa tizimining yangi bosqichi bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA