Shoirlar biroz siniq, lekin pokiza qalbli, chin oshiq, sofdil va samimiy, mehr va yaxshilikka xayrixoh insonlardir. Yosh ijodkor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Mansur Jumayevni ham ana shunday iliq so‘zlar bilan xotirlash mumkin. Bahor tobora yaqinlashayotgan shu kunlarda u 34 yoshni qarshilagan bo‘lar edi...
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida iste’dodli ijodkorning "Hazrati ishq" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanga adabiyot muxlislari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar, shoirning oila a’zolari va yaqinlari taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojidin Sayyid Mansur Jumayev adabiyotimizga o‘ziga xos ijod uslubi, o‘z yo‘li, betakror ovozi bilan kirib kelganini ta’kidladi.

– O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov Muhammad Yusuf haqida “she’riyat bog‘iga qumri qushdek xush ovozi bilan kirib kelib, tezda uni tark etgan shoir,” der edilar, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Mansur Jumayev haqida ham aynan shunday ta’rifni aytish mumkin. Kamtarin, kamsuqum bu ijodkor she’riyatda o‘z yo‘li, o‘zining betakror ovozi, o‘z muxlislariga ega ijodkor edi.
–Darhaqiqat, Mansur Jumayev qalbi beg‘ubor, ma’rifati yuksak ijodkor edi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli shoir Mirzo Kenjabek. – Mansur Jumayev yozgan “Arba’in” haqida to‘xtalmoqchi edim. Ma’lumki,«Arba’in» so‘zi «qirq» degani bo‘lib, bu asarlarda fazilatli amallar, Islom axloqiga doir qirqta qisqa-qisqa hadislar she’riy to‘rtliklar shaklida ifoda etiladi. Mumtoz adabiyotda Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy qirq hadisni qo‘llab “Arba’in” tuzgan. Zamonaviy adabiyotimizda ham Abdulla Oripov, Shukur Qurbon, Sirojiddin Sayyid, G‘ayrat Majid kabi shoirlar qirq hadisni nazmiy she’rga solib, “Arba’in” yaratganlar. Mansur Jumayev ijodiga mansub “Arba’in” ham mazmunan teranligi, go‘zal badiiyati bilan ana shu yetuk shoirlarning ijod namunasidan aslo kam emas. Uning satrlarida ilohiy haqiqatlar, ma’naviy-ma’rifiy ruh mujassam edi. Mansur Jumayev o‘z ovozi, sozi, ma’rifiy ruhi bilan adabiyotda yashashga haqdor ijodkorlardan edi.

Yangi kitob taqdimotiga bag‘ishlangan anjumanda Mansur Jumayev she’rlarida insoniy muhabbat ilohiy ishq uchun ko‘prik vazifasini o‘tagani e’tirof etildi. Ayni paytda bu she’rlar xasta dillarga shifo bo‘lishi bilan ham ahamiyatli.
Uning she’rlarida onalar, Vatan, insonni ulug‘lashga o‘zgacha yondashuv, samimiyat, mehr, hayrat, erkalik bilan yondashilganiga adabiyot muxlislari ko‘p bora guvoh bo‘lganlar. Shoirning ijod namunalari jamlangan “Hazrati ishq” kitobida muallif qalamiga mansub ana shunday betakror ijod namunalari jamlangan. Uning she’rlarida irfoniy g‘oyalar, tasavvufiy ohanglar yaqqol aks etadi. Mansur Jumayev nainki she’riyatda, balki nasrda ham muvaffaqiyatli ijod qilgan edi. Uning qishloq hayoti, oddiy va jaydari odamlar, hayotning pastu balandi, turli murakkabliklari, sinovlari haqidagi samimiy, ta’sirchan, hayotiy hikoyalari buning yaqqol isbotidir.

– Mansur Jumayev haqida har qancha yaxshi gaplar aytsak kam, – dedi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodi Otamurod. – Uyushmada ishlash jarayonida nainki ustozlar, balki barchaga birdek samimiy, iliq muomala, munosabatda bo‘lgani ibratlidir. Mansurga ko‘p e’tiroflarni aytib ulgurmadik. Bu, albatta bizlar uchun ham armon bo‘lib qoldi...
Aytish kerakki, Mansur Jumayev 1991 yil 17 fevralda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan edi. Ijodkor O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Shoirning «Oq orzularim», «Hayrat qo‘shiqlari», «Hazrati ishq», «Biz kutgan fasl» she’riy to‘plamlari chop etilgan. Asarlari ingliz, rus, turk, tojik, ozarbayjon, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. U har yili mamlakatimizda katta sog‘inch bilan kutib olinadigan Navro‘z, Mustaqillik bayramlarida o‘z she’rlari bilan faol ishtirok etardi. Ayni paytda yoshlarni milliy adabiyotimizga ehtirom, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Vatan manzumasi”, “She’riyat xiyoboni”, adabiyot haftaliklari, kitobxonlik va she’riyat bayramlarida Mansur Jumayev o‘zining yorqin she’rlari bilan muntazam qatnashar edi.
Adabiy anjumanda Mansur Jumayev ijodi, uning “Hazrati ishq” kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon Ergashev (surat)
O‘zA