Yuridik fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan professor Xojimurod Odilqoriyev ilmu ma’rifatga yuksak sadoqat namunasi ko‘rsatgan ustozdir.
Yuridik fanlari doktori, professor H. Odilqoriyev mamlakatimiz huquqshunoslik maktabining ilg‘or va e’tirof etilgan namoyondalaridan biridir. U davlat va huquq nazariyasi sohasida zamonaviy ilmiy maktab asoschilaridan hisoblanadi.
1972 yilda Toshkent shahar sudida sud majlisi kotibi sifatida ish boshlagan H. Odilqormev qisqa vaqt ichida huquqshunoslik sohasida yuqori salohiyatli mutaxassis sifatida shakllandi.
1973 - 1978 yillarda ToshDU yuridik fakultetida tahsil olib, keyinchalik 1982 - 1985 yillarda Moskvadagi Ittifoq Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq institutida aspiranturada tahsil qildi va nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
1995 yilda yuridik fanlari doktori ilmiy darajasini, 2005 yilda esa professor unvonini oldi.
Uning pedagogik va ilmiy yo‘li Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, IIV Akademiyasi, Yuristlar malakasini oshirish markazi kabi yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiymuassasalarda uzluksiz davom etdi.
Ustozning qonun ijodkorligi sohasidagi faoliyati o‘ta samarali va keng ko‘lamlidir. U 1990 - 1992 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ilk loyihasini ishlab chiqishda ishchi guruh a’zosi sifatida ishtirok etgan.
Shuningdek, u “Sudlar to‘g‘risida”, “Prokuratura to‘g‘risida”, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”, “Saylov kodeksi”, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida” kabi qator qonun loyihalari ishlab chiqilishida asosiy mutaxassislardan biri bo‘lgan.
Uning huquqiy ekspertiza va ilmiy takliflari 200 dan ziyod qonun hujjatlarini takomillashtirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Professor H.Odilqoriyev – 600 dan ortiqilmiy asar, 58 monografiya va darslik, 550 dan ziyod maqola muallifi.
Ustozning “Davlat va huquq nazariyasi”, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi”, “Ikki palatali parlament”, “Konstitutsiya va ijtimoiy davlatchilik” kabi asarlari huquqshunoslik sohasida fundamental ilmiy manbalar hisoblanadi.
H.Odilqoriyevning ilmiy qarashlari qonun ustuvorligi, fuqarolik jamiyati, huquqiy madaniyat, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, mediasiya instituti, ijtimoiy-huquqiy davlat konsepsiyasi kabi zamonaviy huquqiy nazariyalarning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Professor ilmiy rahbar sifatida 30 dan ortiq fan nomzodi va 12 fan doktorini tayyorlagan. Uning ilmiy rahbarligidagi shogirdlar nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ilmiy va amaliy huquqshunoslik sohasida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uning yorqin ustozlik fazilatlari haqida shogirdlari shunday deydi:
“Ustozning har bir maslahati – tajribalar xazinasi, har bir suhbati – hayotiy maktabdir.”
So‘nggi yillarda professorning AQSH va Yevropa davlatlaridagi nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalari chop etildi. Uning “Qonunchilik sotsiologiyasi”, “Odil sudlovning yangi bosqichi” kabi ilmiy ishlari zamonaviy huquqiy islohotlarni chuqur tahlil qiladi.
Bugun professor Xojimurod Odilqoriyev 70 yoshni qarshi olmoqda. Bu, nafaqat shaxsiy yubiley, balki mamlakatimiz yuridik fanlari rivoji uchun katta bayramdir. Ustozning hayot yo‘li – yosh olimlar uchun ilhom manbai, qonun ustuvorligi va ma’rifat yo‘lidagi ulug‘ namuna hisoblanadi.
Sardorbek YUSUPOV,
TDYUU kafedra mudiri, yuridik
fanlari doktori, professor