Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmsizlik azobi
12:08 / 2025-12-20

Hayot saboqlari

Yozning jazirama kunlaridan birida qattiq shamol esib, tomdagi antennani qulatib yubordi, shoxlari sinib har yoqqa sochilib ketdi.Oqibat– televizorim ko‘rsatmay qoldi.Dastlab  bu oddiy ish-ku, o‘zim eplayman, degan o‘yda do‘kondan yangi antenna olib keldim.Afsuski, chuchvarani xom sanagan ekanman: bir amallab antennani joyiga o‘rnatsam-da, televizor qurg‘ur ko‘zini ochmadi.

U yog‘ini, bu yog‘ini burdim, simlarni qayta-qayta uladim, hatto qo‘shnilar aytgan “usullar”ni ham sinab ko‘rdim.Ammo natija bo‘lmadi. Tomga chiqib-tushib sillam  quridi. Shu paytda oddiy bir antennani o‘rnatish uchun ham ma’lum bir bilim kerakligini tushuna boshladim.Ilmsizlik qancha vaqtimni va asabimni, mablag‘imni sovurayotganini angladim. Eng muhimi, qachon xatoga yo‘l qo‘yganimni ham bildim.

...Men bu xatoni hozir emas, ko‘p yillar ilgari –o‘rta maktabni bitirgan kezlarimda sodir etganman. O‘shanda omadim chopmay, birinchi urinishda oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmaganman. Muvaffaqiyatsizlik alamidan ko‘zimga dunyo tor bo‘lib ketgan kezlarda otam qo‘limga to‘rt-besh so‘m pul berib, tuman markazida televizor ustalari tayyorlash kursi borligi va shunga borib o‘qishimni tavsiya qildi.

–O‘g‘lim, yigitga qirq hunar oz.Hozir kichigini o‘rganib ol, vaqti kelib kattasini ham o‘rganasan,– dedilar  mehribonlik bilan.

 Aytilgan joyga borib ro‘yxatdan o‘tdim. Mashg‘ulotlar kechqurun– ishdan keyin bo‘lar ekan.O‘qishga ishtiyoq bilan kirishdim,ammo mashg‘ulotdan keyingi qiyinchilikni yengishga qurbim yetmadi. Chunki har kuni yarim kechada 6-7 chaqirim  piyoda yurib, uyga qaytishga to‘g‘ri kelardi. Bu men uchun azob edi – bir hafta chidadim, xolos. Afsuski, o‘shanda bu azob vaqtincha ekanligi, abadiy emasligini bilmaganman...

Xullas, usta chaqirishga to‘g‘ri keldi. U antennani ko‘zdan kechirib, joylashuvi noto‘g‘ri ekanini, yo‘nalishi va balandligi muhimligini, raqamli televizorlar  mana shunaqa  injiq bo‘lishini tushuntirdi. Bir pasda muammoni hal qildi.Televizor tiniq ranglarda ko‘rsata boshlaganida mening ko‘nglimda alamli bir his tug‘ildi: agar shu ishning ilmini bilganimda, buncha ovoragarchilik bo‘lmas edi...

Shunda angladimki, ilm  insonni azobdan qutqaruvchi nur ekan.Albatta, ilm olish oson ish emas: o‘qish kerak, so‘rash kerak, o‘rganish kerak. Lekin bu qiyinchiliklar o‘tib ketadi. Bilmaslik esa insonni mayda muammolar oldida ham ojiz qilib qo‘yadi. Ilmsizlik  faqat katta hayotiy masalalarda emas, kundalik turmushda ham qiyinchilik tug‘dirar ekan.Eng achinarlisi, insonni boshqalarga qaram qilib qo‘yar ekan.

Xulosa qilib aytganda, qay bir soha bo‘lmasin, kerakli bilimlarga ega  bo‘lish insonni ortiqcha tashvishlardan  asraydi. Agar u har gal shunday  mayda ishlarda ham boshqalarga muhtoj bo‘lib qolaversa, bu azob umr bo‘yi davom etaveradi. Shuning uchun inson o‘z ustida ishlashi,doimo bilimini oshirib borishi lozim. Ilmsizlik – azob, ilm esa rohat va osoyishtalik manbaidir. Binobarin, donishmandlar: “Ilm olish azobi vaqtinchalik, ilmsizlik azobi umrbod”, deb bejiz aytishmagan.

Norbobo Shakarov, O‘zA