Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmmetriyaning davlat va jamiyat rivojidagi o‘rni qanday?
14:54 / 2022-10-04

Har bir davlat rivojining asosi, bu – ilm-fan bilan bevosita bog‘liq. Ilm-fanning "lokomotivi" olimlar sanalib, ularning ilmiy faoliyati o‘lchovi ilmmetriya hisoblanadi. Ilmmetriya nima? Uning davlat va jamiyat rivojidagi o‘rni qanday?

Ilmmetriyaning ilm-fan rivojidagi o‘rni xususida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi Ilmmetriya sektori mudiri Diana Abdumo‘minovaning fikri bilan tanishsak:

 – Ilmmetriya (Naukometriya) – inglizchada "Scientometrics" – ilm-fanni o‘lchash ma’nosini anglatib, bu atama fanga ilk bor 1969 yilda kirib kelgan. Ilmmetriya ilmiy jamoatchilik vakillari uchun nihoyatda muhim o‘lchov deb aytsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ilmmetriyaning bir nechta ko‘rsatkichlari mavjud. Jumladan:

  • Iqtiboslar indeksi;
  • Ilmiy jurnalning iqtiboslar indeksi;
  • Impakt-faktor;
  • Xirsh indeksi;
  • Kvartil (chorak) Q dan iborat.

Bulardan eng muhimi iqtiboslar ko‘rsatkichi hisoblanib, unda tadqiqot ishiga berilgan iqtiboslar soni va sifati o‘lchanadi. Mazkur natijalarni tahlil etish asnosida olim, OTM va ITMlar ilmiy natijadorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash va maxsus reytinglar shakllantirish mumkin.

Misol uchun, 2021 yilda mahalliy olimlar tomonidan "Scopus" ma’lumotlar bazasida chop etilgan ilmiy maqolalar bo‘yicha tahlil o‘tkazildi. Tadqiqot natijasiga ko‘ra bazadagi eng ko‘p maqolalar muhandislik yo‘nalishida (11.8 foiz), eng kam natija esa (2.2 foiz) kimyo yo‘nalishida ekan.

 

IQTIBOSLAR SONI BO‘YICHA YeTAKCHI OTM VA ITMLAR...

– Ilmmetriyaning jamiyatdagi eng ahamiyatli jihatidan yana biri qaysi sohalarda ilm-fan tezroq va sifatliroq rivojlanayotganligi va qaysi yo‘nalishga turtki kerakligini aniqlash. Ma’lum vaqt davomida matematika, fizika fanlariga bo‘lgan e’tibor biroz kam bo‘lgan. Bugun esa, sohalarga berilayotgan e’tibor va ilmmetrik tadqiqotlar asnosida, ilmiy o‘sish sezilarli ortdi.

Fanlar kesimida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, fanlar rivojlanishi tendensiyasi yildan-yilga jahon miqyosida o‘zgarib bormoqda. Olingan natijalar kelajakda eng ko‘p talab qilinadigan sohalarni aniqlashda, mehnat bozorida istiqbolli yo‘nalishlarni va ish o‘rinlarini yaratishga ham imkon beradi.

Ilmmetriyaning ko‘rsatkichlari orqali olib borilgan tahlil xulosalariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi yillarda kompyuter texnologiyalari va fizika-matematika yo‘nalishlari aktual sohalar qatoridan joy olgan. Hatto, talabalar o‘rtasida ham ushbu fanlarga bo‘lgan talab ortgan, – deydi Diana.

Mazkur tadqiqotlarning yana bir muhim foydali jihati, bu – mamlakat imijini oshirishdagi o‘rni hisoblanadi. Bugunga kelib, H-index yuqori bo‘lgan matematik olim, professor Abror Xudoyberdiyev, iqtisodchi olim, professor Rauf Salaxojayevlar bu borada qolgan tadqiqotchi olimlar uchun o‘rnak sifatida ko‘rsatgulik. Ular o‘z natijalari orqali xalqaro ilmiy hamjamiyatda O‘zbekiston nomini tanitib kelmoqda. 

 

FANLAR KESIMIDA CHOP ETILGAN MAQOLALAR KO‘RSATKICHI

Ilm-fan reytingini oshirishga eng qisqa – 7-10 yil muddat talab etiladi

– Ilmmetriya sohasida jahon standartlarini joriy etish maqsadida 2022 yil Innovatsion rivojlanish vazirligi va Ural Federal universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda ilmiy faoliyatni jahon standartlari asosida ko‘tarish va sifat darajasini oshirish. Fikrimcha, mamlakat o‘zining ilmiy faoliyati darajasidan kelib chiqib reytingda ko‘tarilish konsepsiyasini ishlab chiqishi lozim, – deydi Rossiyaning B.Yelsin nomidagi Ural Federal universiteti Ilmmetriya laboratoriyasi mudiri Mark Akoyev.

– Jahon reytingida ko‘tarilishning o‘ziga xos yo‘llari mavjud. Ulardan ikkita asosiylari:

  • Ilmiy tadqiqotlar uchun davlatning moddiy qo‘llovi va miqdor jihatdan ortib borishi;
  • Jahon standartlariga muvofiq malaka oshiradigan aspirantlar va doktorantlar sonini ko‘paytirish.

Ilm-fan yo‘nalishida xalqaro tajriba almashish doimo yaxshi samara beradi. Ilmmetriya ko‘rsatkichini oshirishuvchi bu yo‘nalish bugun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan xorijga stajirovka o‘tash ko‘rinishida yo‘lga qo‘yilgan.

Aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha qo‘shni Qozog‘iston yaxshi natijalarga erishgan. Ular bu yutuqqa xorijiy (asosan «yirtqich» jurnallar ko‘pchiligi) jurnallarda maqola chop etish talabini inkor etib, aspirantlarni tadqiqot o‘tkazish uchun xorij davlatlariga yo‘naltirish bilan erishgan. 

Bu boradagi yana bir yorqin misol, Turkiya jumhuriyati sanalib, ular doktorantlarni moliyalashtirish miqdorini ko‘paytirish orqali dissertatsiya himoyasiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirdi. Tajribalarga ko‘ra, mamlakatlar reytingini oshirishiga eng qisqa muddat 7-10 yilni tashkil etadi. Biz imzolangan kelishuvga asosida Ural Federal universitetining bu boradagi tajribasini O‘zbekiston joriy etib ilm-fan rivojiga hissa qo‘shmoqchimiz, – dedi Mark Akoyev.



MAQSAD – OLIMLARNING FAOLIYATINI JAHONGA TANITISH

I-EDU GROUP asoschisi Ulug‘bek Mirzalimov Ilmmetriyani rivojlantirish bo‘yicha maxsus platformaning o‘rni haqida shunday deydi:

– Biz yaratgan “ScienceWeb” platformasining birinchi muhim maqsadi – mahalliy va xorijiy olimlarning faoliyatini jahonga tanitish. Ilmmetriyaning asosi aslida ilmiy maqolalarning soni, iqtiboslar ko‘rsatkichi emas, balki ilm-fan yo‘nalishining insonlarga keraklilik darajasini o‘lchashdan iborat.

Bugun barcha sohada raqamlashtirish ustuvor ahamiyatga ega, ilm-fanning ilmmetriya sohasida ham mahalliy “ScienceWeb” platformasi yaratildi. Platforma orqali xalqaro ilmiy bazalarga integratsiya/indeksatsiya qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirgan. Bunda quyidagi amallar bajariladi:

  • Olimlar shaxsiy profillari orqali ilmiy maqolalarini yuklaydi.
  • Ularning maqolalariga iqtiboslar ko‘rsatkichini orttirish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ilmiy jurnallarni ham bazaga kiritish ishlari olib borilmoqda.

Bu tizim mahalliy ilmiy jurnallar uchun xalqaro bazalarga kiritish imkoniyatlarini taqdim etuvchi ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Bu – jurnallarning nufuzi va xalqaro tadqiqotchilar qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda respublika bo‘ylab ilmiy ishlarni to‘g‘ri raqamlashtirmaslik ortidan ilmiy ishlar, ilmiy faoliyat va iqtiboslarimiz xalqaro miqyosda namoyon bo‘lmayapti. 

Misol uchun, “Google Scholar” bazasiga kirganimizda, O‘zbekistondagi 160 dan ortiq oliy ta’lim muassasalaridan atigi 35 tasi jahon reytingida mavjud. Agar biz Xitoy modeli bo‘yicha ketsak, qisqa vaqt oralig‘ida buni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin. Xitoy maksimal darajada harakati natijasida 1 yilda o‘z milliy bazasini yaratib, barcha ilmiy ishlarni raqamlashtirish orqali Ilmmetrik ko‘rsatkichlarini oshirgan va dunyo reytingida ilmiy maqollar chop etish bo‘yicha yetakchilikni egallab kelmoqda.



Aziza ASLANOVA,

Ilmiy-texnik axborot

markazi mutaxassisi