Navoiy davlat universitetida 11-fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni munosabati bilan “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” shiori ostida an’anaviy respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi turibdi. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularni ilm-fan, innovatsiya va boshqaruv sohalariga keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Tadbirda xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, bugun viloyat aholisining 49,3 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 92 nafar ayol xalq deputatlari viloyat va hududiy Kengashlarda faoliyat yuritmoqda. 89 nafar ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni, 35 nafar xotin-qiz esa “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Bu ko‘rsatkichlar islohotlar natijasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

– So‘nggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator huquqiy asoslar yaratildi. Gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning tadbirkorlik va ta’lim sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa xotin-qizlarning nafaqat oilada, balki jamiyat va davlat boshqaruvida ham faol ishtirokini ta’minlamoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova. – Bugungi kunda ilm-fan sohasida ham ayollarimiz salmoqli natijalarga erishilmoqda. Jumladan, viloyatimizdagi mavjud oliy ta’lim muassasalarida 229 nafar olima ayol faoliyat olib bormoqda. Ulardan 14 nafari professor, 215 nafari fan nomzodi, dotsent (PhD) hisoblanadi. Bu raqamlar ta’lim tizimida gender tenglikni ta’minlash va ilmiy salohiyatni yuksaltirish borasidagi islohotlar samarasidir. Shuningdek, Davlat boshqaruvi akademiyasida 8 nafar faol xotin-qizlarimizning tahsil olayotganligi ularni kelgusida rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan tizimli ishlarning bir qismi hisoblanadi. Zero, Yangi O‘zbekistonda rahbar ayollar sonini ko‘paytirish, ularning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini ta’minlash strategik ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi ekanini alohida ta’kidladi. Zero, bilimli, ma’rifatli ayol bor joyda sog‘lom muhit, barqarorlik va taraqqiyot ta’minlanadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA