French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmiy yondashilgan ko‘rgazmali hovlilar – mo‘l hosil garovi
13:00 / 2022-05-28

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida “Tomorqachilik ilmiy- amaliy markazi tomorqa xizmati” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirga qadar unda tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida Surxondaryo va Buxoro viloyatining kengash raislari, agronomlari, tomorqa yer egalari, dehqon xo‘jaliklari vakillariga malakali professor-o‘qituvchilar, agronomlar o‘zlarining bilim va ko‘nikmalari yetkazishdi.

– O‘quv mashg‘ulotlari yuqori saviyada tashkil etilgan, – deydi Jondor tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi J.Hamrayev. – Professor-o‘qituvchilardan olgan nazariy bilimlarimizni amaliyotga tatbiq etilganini shu yerda tashkil etilgan tajriba maydonlari hamda 4,5 sotixda namunaviy xonadon majmuasida ko‘rdik. Bu tajribalarda har bir tomorqa yer egasi o‘z tomorqasidan samarali foydalanish orqali yuqori daromad olish mumkinligiga yana bir karra guvoh bo‘ldik.

O‘quv markaz faoliyatini samarali tashkil qilishda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutidan tajribali professor-o‘qituvchilari, Shahrisabz shahar 1-son kasb-hunar maktabi, Chiroqchi tuman 2-son kasb-hunar maktabi agronom-o‘qituvchilar faol ishtirok etmoqda.

Chiroqchi tumanidagi ilmiy markaz qoshida 4,5 sotixda ko‘rgazmali tajriba maydoni barpo qilingan. Aholi yashaydigan hovli shaklida barpo qilingan bu ko‘rgazmali tajriba uchastkasida ishkomlarda tok, hovlida gul va daraxt ko‘chatlari, molxonada bolali sigir, qo‘rada qo‘y-qo‘zi, echki-uloq, qafasda quyon, tovuq, kurka, bedana va mo‘’jazgina hovuzda baliqlar parvarishlanmoqda. Xashak va tabiiy o‘t-o‘landan yem granulalari ishlab chiqaradigan mini-zavod va inkubator ham joylashtirilgan. Hovlining o‘rtasida pomidor, bulg‘or qalampiri, karam hamda ko‘katlar o‘sib turibdi. Bu maydonda tandir-o‘choqdan tortib, tuvakda ekilgan limon ko‘chatlarigacha mavjud.

Mazkur namunaviy ko‘rgazmali hovli o‘quv mashg‘uloti ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

– Biz bir xonadon egasi o‘z hovlisida unumli foydalanib, kamida 100 million so‘m daromad olishini amalda ko‘rsatib berdik, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili A.Madiyev. – Ko‘rgazma shaklida yaratilgan bu hovliga kirgan kishining bahri dili ochiladi. Qo‘shni viloyatlardagi mutaxassislarni taklif qilishdan maqsad ko‘rgazmali hovlini keng targ‘ib qilib, barcha xonadonlarga joriy qilishdir. Shunda tomorqalardan olinadigan daromadlar yanada oshadi.

Aholining tomorqa xo‘jaliklari yerlaridan foydalanishda innovatsion yondashuvi ularning dehqonchilik sir-asrorlarining qay darajada egallaganligi, bilim va malakasining yetarli yoki yetarli emasligi bog‘liq. Shu bois aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishda ularning bilim va malakasini muntazam ravishda oshirib borish zarur.

 

M.Muhammadiyev,

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i