Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
18:08 / 2024-12-27

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmati rahbari Muqaddas Fayozova bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi.

Unda ma’lumot berilishicha, "Raqamli O‘zbekiston–2030" strategiyasi doirasida ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish maqsadida 9 ta axborot tizimi ishlab chiqildi. Bu tizimlar oliy ta’limdan keyingi ta’lim, ta’lim jarayonlarining shaffofligi, qog‘ozbozlikni qisqartirish va izlanuvchilar faoliyati samaradorligini monitoring qilish kabi sohalarni qamrab oladi.

Yagona elektron tizimda 72 000 dan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, 35 306 nafar izlanuvchiga oid ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Shuningdek, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari tizimida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.

– Hozirda ushbu tizim orqali 7 073 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Jami 55 ta tanlov bo‘yicha 614 ta mavzu e’lon qilingan, 3 637 ta loyiha qabul qilingan va elektron xulosalar taqdim etilgan. Shu bilan birga, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish maqsadida ilmiy-texnik va tadqiqot laboratoriyalari uchun yagona elektron ma’lumotlar bazasi yaratilgan. U 5 ta asosiy modulni o‘z ichiga oladi: tashkilotlar, laboratoriyalar, qurilmalar, xizmatlar va murojaatlar, – dedi M. Fayozova.

Shuningdek, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 2024 yildan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga 2 ta davlat xizmati elektron shaklda taqdim etilmoqda. Ular xalqaro bitimlar doirasida keltirilayotgan mablag‘lar va asbob-uskunalar bo‘yicha xulosa berish hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limga hujjat topshirish imkoniyatini o‘z ichiga oladi.

Ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish sohasida kelgusida 15 ta yangi axborot tizimini ishlab chiqish va mavjud tizimlarni takomillashtirish rejalashtirilgan.

N. Ziyodullayeva, O‘zA