Ilmiy-texnik taraqqiyotni harakatga keltiruvchi kuch
O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining o‘sish sur’atlari dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Bu bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tishning puxta o‘ylangan strategiyasi, chet el investitsiyalarini jalb etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish samarasidir.
O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining o‘sish sur’atlari dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Bu bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tishning puxta o‘ylangan strategiyasi, chet el investitsiyalarini jalb etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish samarasidir. Ayni paytda ilmiy-texnologik taraqqiyot erishilgan marralarning muhim omili va mamlakatimizni yanada iqtisodiy rivojlantirish kafolati, ixtirochi olimlarimiz esa ilm-fan taraqqiyotini harakatga keltiruvchi kuchlardan biridir.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ta’lim sohasini isloh etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berildi. Jumladan, Asosiy qonunimizda davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qilishi ta’kidlangan.
Ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor iqtisodiy taraqqiyotga kuchli turtki bermoqda. Olimlarimiz iqtisodiyotning turli sohalaridagi eng muhim masalalarni hal etib, texnik va texnologik taraqqiyotni yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Fizika-texnika instituti olimlari ham munosib hissa qo‘shayotir.
Fizika-texnika instituti boy tarixga ega bo‘lib, mamlakatimiz tashqarisida ham mashhur bo‘lgan ilmiy markazlardan biridir. Institut olimlari qattiq jism nazariyasi, yuqori va o‘ta yuqori energiya fizikasi, yarim o‘tkazgichlar fizikasi, shuningdek, quyosh energiyasini hosil qilish kabi muhim va istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha o‘nlab ilmiy ixtirolar qilinib, nazariy va amaliy ishlanmalar yaratildi. Muqobil energetikani rivojlantirish institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Prezidentimizning 2013-yil 1-martda qabul qilingan «Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va Xalqaro quyosh energiyasi institutini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan muhim ilmiy izlanishlarga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Fizika-texnika instituti direktori o‘rinbosari, texnika fanlari nomzodi Jasur Ahatov institut hududida ekskursiya tashkil etib, ilmiy muassasa jamoasi bilan tanishtirdi. Ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni yaratish jarayonida yosh olimlar ishtirok etayotgani ham e’tiborga loyiqdir.
– Ilgari olim deganda, sochi oqargan, keksa yoshdagi kishilar ko‘z o‘ngimizda gavdalanar edi, – deydi J.Ahatov. – Ayni paytga kelib bu eskicha qarash o‘z kuchini yo‘qotdi. Mustaqillik yillarida turli sohalar, xususan, ilm-fanda mutaxassislarning mutlaqo yangi avlodi shakllandi. Bugungi kun olimi – mamlakatimiz va dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan qiziqadigan, bir necha chet tilini biladigan hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanadigan yosh va shijoatli tadqiqotchidir.
Institutda ilmiy jamoaning yosh vakillarini o‘zida birlashtirgan Yoshlar kengashi tashkil etilgan. Yosh olimlar muntazam konferensiyalar tashkil etib, boshqa ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlaridagi hamkasblari bilan tajriba almashib kelmoqda. Ushbu kengash raisi, katta ilmiy xodim va tadqiqotchi Oybek Abdulhayev 2014-yilda «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» respublika tanlovining «Eng faol yosh olim» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
– Institut Yoshlar kengashi tarkibida iste’dodli olimlar ko‘p, – deydi O.Abdulhayev. – Ular ko‘plab yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lib, milliy va xalqaro grantlarni qo‘lga kiritmoqda. Masalan, katta ilmiy xodim Isroil Yo‘ldoshev 2013-yilda fan va texnika sohasida Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi. Ayni paytda u elektr ta’minotining mustaqil tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha innovatsion loyiha ustida ish olib bormoqda.
Yana bir iqtidorli yosh olim Akbar Halimov quyosh energiyasi yordamida meva-sabzavotni quritish qurilmasini ishlab chiqqan. Yangi qurilma quyosh nurlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’siri, shuningdek, quritish kamerasi ichidagi namlik darajasi va havo haroratini nazorat qilish imkonini beradi. Ushbu quritgich fermerlarga yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘l keladi.
A.Halimov dunyoning qator mamlakatlari olimlari bilan birgalikda dengiz o‘simliklarini quritish qurilmasini yaratishda ham ishtirok etgan. Tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, Ispaniyaning Santyago-de-Kampostela universitetida amalga oshirilgan mazkur loyiha uning ilmiy faoliyatida foydali tajriba bo‘ldi. Ayni paytda yosh olim yangi ishlanma – quyosh nurlari yordamida quritish qurilmasi va issiqxonani birlashtirish ustida ish olib bormoqda. Mazkur ishlanmaning dastlabki namunalari joriy yilning bahorida foydalanishga topshiriladi.
Institut olimlarining yutuqlarini ko‘rish maqsadida o‘ziga xos ilmiy obyekt – quyosh nurlarini energiyaga aylantiradigan qurilmalarning tajriba namunalarini sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan geopoligonga bordik.
Bu yerda tajribali va yosh tadqiqotchilar hamkorligida yaratilgan turli quvvatga ega fotoelektrik qurilmalar, quyosh energiyasi yordamida ko‘cha va maydonlarni yoritish tizimlari taqdim etilgan. Qator ishlanmalar esa fermerlar uchun mo‘ljallangan. Anaerob bakteriyalardan foydalanilgan holda organik chiqindilarni utilizatsiya qiladigan biogaz qurilmasi e’tiborimni tortdi. Ushbu qurilma chiqindilarni uch bosqichda qayta ishlash jarayonida biogaz, shuningdek, ekologik toza va foydali tarkibga ega organik o‘g‘itlar ishlab chiqaradi.
Quyosh energiyasi yoki yoqilg‘ida ishlaydigan suv chiqarish moslamasini haqiqiy yangilik deyish mumkin. Bir qarashda juda oddiy, ammo yuqori samaradorlikka ega bu qurilma suv chiqarish qiyin bo‘lgan yerlar, jumladan, tepaliklarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish imkonini beradi. Mamlakatimizda ichimlik suvidan oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlarga muvofiq suvni chuchuklashtiradigan avtonom qurilma muhim ahamiyat kasb etmoqda. Suvni tozalashning besh bosqichli tizimi, nasos va fotoelektrik batareyalar bilan ta’minlangan mazkur qurilma mustaqil ravishda kuniga yuz litrgacha toza ichimlik suvini ishlab chiqarish imkonini beradi.
Bir paytning o‘zida alohida iste’molchini elektr energiyasi, issiq suv bilan ta’minlash va havoni sovutish uchun mo‘ljallangan stirling dvigateli geopoligonda namoyish etilgan asosiy yutuqlardan biridir. Bu yerda tayyorlangan stirling dvigatellari Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Qozog‘istonga yetkazib berildi. Shuningdek, institut va AQShning «Enviromation Ltd» kompaniyasi o‘rtasida olimlarimiz tomonidan yaratilgan agregatni AQShda ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha litsenziya shartnomasi imzolangan. Bu yurtimiz olimlari ilmiy ijodi samaralarining yuksak darajada e’tirof etilayotganiga yaqqol misoldir.
Institutda yosh olimlar salohiyatini yuzaga chiqarish uchun o‘nta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilgan uskuna va jihozlar tadqiqotchilarga yangi yechim hamda innovatsiyalarni topish, ixtiro va kashfiyotlarni tajribadan o‘tkazish imkonini berayotir.
Fizika-texnika instituti ilm-fan va ta’lim integratsiyasi doirasida mamlakatimizning qator oliy o‘quv yurtlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Texnika oliy ta’lim muassasalarining bakalavr va magistrlari ta’lim olish bilan birgalikda institutda ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullanmoqda. Ular orasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti magistranti Shamsiddinxo‘ja Sulaymonov ham bor. U 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.
– Tabiatda ro‘y beradigan jarayonlar meni har doim qiziqtirib kelgan, – deydi Sh.Sulaymonov. – Akademik litseyda o‘qib yurgan paytimda kelajakda fizik olim bo‘lishga qat’iy qaror qilganman. Ayniqsa, gelioenergetikaga juda qiziqaman. Ayni paytda ilm-fanning ushbu sohasida magistrlik dissertatsiyasini tayyorlayapman.
Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, XXR, AQSh, Koreya Respublikasi, Italiya, Braziliya, Isroil, Daniya, Malayziya, MDH mamlakatlarining 26 ilmiy va ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik yosh olimlarimiz uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Institutning «Geliotexnika» jurnali ingliz tiliga tarjima qilinib, AQShda «Applied Solar Energy» nomi bilan chop etilmoqda. Bu chet ellik olimlarning O‘zbekiston ilm-faniga qiziqishi ortib borayotganidan dalolatdir.
Fizika-texnika instituti olimlari bilan kelajakda amalga oshiriladigan tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari to‘g‘risidagi suhbatimiz uzoq davom etdi. Zero, tadqiqotchilar qaysi yo‘nalishda ishlarni davom ettirish, geliotexnikani rivojlantirish va quyosh energetikasi uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qanday ixtiro va innovatsiyalar zarurligini yaxshi biladi.