Ilmiy-texnik kengashlar rahbarlari Belarus ilg‘or tajribasini o‘rganadi
Delegatsiya a’zolari 28 noyabrgacha Belarus Davlat fan va texnologiyalar qo‘mitasi, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi va bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilm-fan yutuqlari bilan tanishadi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik kengashlar raislari va a’zolaridan iborat 28 kishilik delegatsiya Belarus Respublikasining ilg‘or tajribasini o‘rganish va tajriba almashish uchun Minsk shahriga jo‘nab ketdi.
Delegatsiya a’zolari 28 noyabrgacha Belarus Davlat fan va texnologiyalar qo‘mitasi, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi va bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilm-fan yutuqlari bilan tanishadi.
Tajriba almashuv davomida o‘rganilgan ilg‘or tajribadan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ulardan mamlakatimizni ilmiy-innovatsion rivojlantirishni ta’minlashda samarali foydalaniladi. Bugungi kunda vazirlik huzurida 16 ta fan yunalishlari bo‘yicha, qurilish materiallari bo‘yicha qo‘shma hamda bitta startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazuvchi ilmiy-texnik kengashlar mavjud. Ularda 400 nafardan ortiq akademik, professor, dotsent, malakali mutaxassislar va tadbirkorlar faoliyat ko‘rsatadi.
Olimlar oldida safar davomida har bir fan yunalishi bo‘yicha ekspertlar bazasini shakllantirish va ular bilan hamkorlikka kelishib olish vazifasi turibdi. Belarus va o‘zbek olimlari fan yo‘nalishlari bo‘yicha yakuniy natijasi mahsulotga qaratilgan amaliy va innovatsion loyihalar uchun mavzular shakllantiradi.
– Belarus Respublikasiga ilmiy-texnik hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan bu tadbir mamlakatimiz olimlarining uzoq yillik orzu va umidlaridir, — dedi tarix va ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy-texnik kengash raisi, falsafa fanlari doktori, professor Guli Mahmudova. – Aminmizki, bu debocha mamlakatimiz fan va ilmiy taraqqiyotida katta o‘zgarishlarga zamin yaratadi. Ilm ahlini birlashtirgan bunday kompleks tadbir mamlakatimiz taraqqiyoti strategiyasi nuqtai nazaridan ham juda muhim. O‘zaro manfaatdorlikka asoslangan muloqot istiqbolli vazifalarga keng imkoniyatlarni yaratadi.
Delegatsiya a’zolari Belarus Milliy Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlarida olib borilayotgan ilmiy-texnik loyihalar va ularning natijalarini o‘rganish bilan birga Belarus Fan va texnologiyalar qo‘mitasi huzuridagi Davlat ilmiy-texnik kengashlarining loyihalar ekspertizasi va muhokamasiga bag‘ishlangan majlislarida qatnashadi.