Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlariga ajratilayotgan kvotalar ko‘lami kengaymoqda
12:21 / 2025-11-24

"O‘zbekiston - 2030" strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanmoqda.

So‘nggi yillarda ushbu sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017 yildagi 504 ta qabul kvotasiga nisbatan oliy ta’limdan keyingi ta’lim uchun ajratiladigan kvotalar 10 baravarga oshirilib, 2025 yil uchun 5 250 ta va 2026 yil uchun 5 300 ta qilib tasdiqlandi.

Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmati rahbari Muqaddas Fayozovaning ma’lum qilishicha, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida kvotalarning kengayishi mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega ilmiy sohalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.  

– 2026 yil uchun ajratilgan 5 300 ta kvotaning 60 foizini zamonaviy texnologiyalar, sog‘liqni saqlash va bioinnovatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi hamda suv resurslari va atrof-muhit muhofazasi kabi ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirish yosh olimlar uchun manzilli imkoniyatlarni kengaytirayapti. Bu ilmiy salohiyatni oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, ilmiy va ta’lim tashkilotlarida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari qamrovi ham sezilarli darajada kengaydi. Agar 2017 yilda bunday institutlar 100 ta tashkilotda faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025 yilda ular soni 249 taga yetdi. Bu esa 2,3 baravar o‘sishni ifodalaydi. Izlanuvchilar soni ham barqaror oshib bormoqda, – dedi M.Fayozova.

2025 yilning to‘rtinchi choragi holatiga ko‘ra, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida jami 34 149 nafar izlanuvchi tahsil olmoqda. Shulardan 11 877 nafari doktoranturada (DSc - 722, PhD -11 155 nafar), 21 919 nafari mustaqil izlanuvchilikda (DSc - 3 546, PhD -18 373 nafar), 353 nafari esa stajyor-tadqiqotchi sifatida ilmiy faoliyat olib bormoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlar oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini "O‘zbekiston -2030" strategiyasida belgilangan maqsadlar bilan to‘liq uyg‘unlashtirib, mamlakatda yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash jarayonini yanada jadallashtirmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA