Poytaxtimizda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar va yutuqlarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, sabzavotchilik ilmini rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi uchun sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yangi, serhosil va kasalliklarga chidamli navlarini yaratish, sohaga doir ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirishdan iborat.

Institutning ilmiy jamoasi mazkur ustuvor vazifalarni yuqori malaka, salohiyat va tizimli izlanishlar asosida bajarmoqda. Buni olimlar tomonidan yaratilgan yangi navlar, zamonaviy agrotexnologiyalar va amaliy ahamiyatga ega ilmiy ishlanmalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Tadbirda institutning ushbu yo‘nalishdagi yutuqlari alohida e’tirof etildi.

Xususan, so‘nggi yillarda institut faoliyatida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Yirik ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yildi, xalqaro hamkorlik kengaydi, nav yaratish va urug‘chilikda yangi texnologiyalar joriy etildi va fermerlar bilan amaliy hamkorlik kuchaytirildi.

Yig‘ilish yakunida institutning kelgusi faoliyati uchun ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, yangi nav va duragaylar yaratish va urug‘chiligini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda fermerlar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA