Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmiy-tadqiqot instituti qurilishda xalqaro standartlarni joriy etishda muhim mezon bo‘ladi
12:33 / 2022-10-03

Joriy yil 22 sentyabrda “Respublikada kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan Qurilish vazirligi huzuridagi “Qurilishda texnik me’yorlash markazi” va “Qurilishda standartlashtirish respublika markazi” negizida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Yangi tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari, vakolati to‘g‘risida Qurilishda standartlashtirish respublika markazi bosh direktori Abulqosim Abduxoliqov kuyidagilarni so‘zlab berdi. 

– Ushbu institut qurilish va shaharsozlik sohasida ilmiy-tadqiqotlar asosida texnik jihatidan tartibga solish, ya’ni me’yorlash va standartlashtirish ishlarini olib borish, milliy klassifikator va elektron katalogni yuritish bo‘yicha vakolatli davlat muassasasi hisoblanadi.  Shuningdek, bino va inshootlarni axborot modellashtirishda BIM-texnologiyalarini joriy etish, qurilish sohasida narxlarni shakllantirish va uning mexanizmlarini aniqlash masalalari bo‘yicha vakolatli davlat muassasasidir. 

Qolaversa, institut davlat muassasasi bo‘lishiga qaramasdan xo‘jalik usulida faoliyat yuritadi. Ya’ni ilmiy-tadqiqotlar hamda shartnoma asosida bajariladigan ishlar va xizmatlardan tushadigan daromadlar hisobidan o‘zini moliyalashtiradi. 

Fundamental tadqiqotlarga asoslangan ilmiy ishlarni olib borish maqsadida institutda mahalliy va xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda doktorantura hamda mustaqil izlanuvchanlik asosida ilmiy kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. 

Tadqiqotlarni chuqurlashtirish va unga yosh mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida oliy ta’lim muassasalari talabalari tarkibidan iborat stajyorlar jalb etiladi. Shu bilan birga, mavjud Kompleks qurilish sinov laboratoriyasi moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanadi hamda boshqa zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni talab etuvchi yo‘nalishlarda ishlar olib boriladi.  

Institutning asosiy vazifasi sohaga oid xorijiy ilg‘or tajribalarni, jumladan standartlar, normalar va qoidalarni, qurilishda narxlarni shakllantirish bo‘yicha me’yoriy-texnik hujjatlarni o‘rganish va tahlil qilishdan iborat. Shuningdek, ular asosida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarni takomillashtirib boradi. Texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar, qurilish sohasidagi xorijiy standartlar, normalar va qoidalarning yagona reyestri, elektron bazasi va fondini shakllantiradi va yuritadi.

Qolaversa, loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida yangi, zamonaviy va ilg‘or tajribalarni o‘rganadi va tahlil qiladi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqotlar olib borish orqali yangi texnologiyalarni yaratish va joriy etish vazifasini bajaradi.

Qurilishda BIM-texnologiyalarini joriy etishda implementator (joriy etuvchi) funksiyasini bajaradi. Institutda tashkil etilayotgan BIM-server va axborotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, axborot modellarining markazlashgan bankini shakllantirish va yuritishni o‘z zimmasiga oladi. 

Maqsadli dasturlar doirasida qurilishda xalqaro tajribalarga asoslangan BIM-standartlarini va yagona talablarni ishlab chiqib, ularni takomillashtirib boradi. BIM-texnologiyalarini buyurtmachi, loyihalash va qurilish bosqichlarida joriy etish holatining monitoringini yuritadi.

Xorijiy va xalqaro standartlashtirish tashkilotlariga Qurilish vazirligi nomidan a’zo bo‘lib, xorijiy konsultantlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Sohaga oid texnik jihatidan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bazasini takomillashtirishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, shaharsozlik faoliyati statistikasini to‘playdi va uni tahlil qiladi. Predikativ modellarni qurish imkonini beruvchi takliflarni ishlab chiqadi. Mazkur ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiradi. 

Qurilish sohasida iqtisodiy islohotlarning borishini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar tizimini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, qurilishda narxlarni shakllantirish tizimini va resurslar sarfi bo‘yicha normativ bazani takomillashtirib borish ham asosiy vazifalaridan. 

Loyiha hujjatlari tarkibida qurilish smetalarini ishlab chiqishning “hajm” uslubini bosqichma-bosqich joriy etish hamda qurilishda narxlarni shakllantirish, shuningdek, milliy klassifikator va elektron katalogni yuritish ham belgilangan. 

Bundan tashqari, xorijdan keltirilgan qurilish texnikalari, mashina-mexanizmlari, texnologiyalari, buyumlari va materiallarini sinovdan va xronometrajdan o‘tkazish, birlamchi sertifikatlash yoki xorijiy sertifikatlarni tan olish ishlarini tashkil etish hamda shu asosda normativ hujjatlarni va milliy klassifikatorni takomillashtirishga e’tibor qaratadi. 

Ilg‘or xorijiy tajribalar hamda olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalari asosida zilzilabardosh qurilish texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ularni takomillashtirish va qurilishda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. Shu bilan birga, sohaga oid tegishli yo‘nalishlarda kadrlarni qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi.  

Davlatimiz rahbarining yuqorida keltirilgan qarori bilan 2023 yilning 1 martidan boshlab markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarning smeta qiymatini aniqlash Qurilish vazirligi tomonidan joriy etiladigan “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. 

Milliy klassifikatorga kiritilgan qurilish materiallari va xizmatlari bo‘yicha ishlab chiqaruvchi tomonidan taklif etilayotgan narxlarning elektron katalogini joriy qilish ko‘zda tutilgan. 

Institut tomonidan yuritiladigan milliy klassifikator va elektron katalog Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Tovar-xom ashyo birjasi va boshqa vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan holda yuritiladi.  


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA