Navoiy davlat pedagogika institutida “Jamiyatda olima ayollarning o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Navoiy davlat pedagogika instituti va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida faoliyat yuritayotgan olima ayollar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova so‘zga chiqib, yurtimizda xotin-qizlarga berilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Xotin-qizlar ta’limi va ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratib berilyapti. Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur va Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
– Xotin-qizlarning ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun bir qator qulayliklar yaratilmoqda, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nasiba Tursunova. – Jumladan, oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratilmoqda. Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz Davlat byudjetidan moliyalashtirilmoqda. Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha – 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratilyapti. Respublika bo‘yicha 2100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab borilmoqda. Shu bilan birga, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarni har yili davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi ham xotin-qizlar uchun katta imkoniyatdir.
Shuningdek, davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun maqsadli kvota ajratilmoqda. “Olima ayollar jamiyati” tuzilib, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish uchun Davlat byudjetidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda.
Davra suhbatida ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimalar so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA