Ilmiy manbalar – samarali tadqiqotlar asosi
Poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan ilmiy manbalardan foydalanish va nashr ettirish mavzuida ilmiy forum o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan ilmiy manbalardan foydalanish va nashr ettirish mavzuida ilmiy forum o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Fanlar akademiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Intellektual mulk agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda olimlar, yosh tadqiqotchilar, pedagoglar, axborot-kutubxona muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmonov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo‘jayev, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi mas’ul kotibi A.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 24-iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni sohani xalqaro talablar asosida rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Farmonga muvofiq mamlakatimizda fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilishni nazarda tutuvchi oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimi joriy etildi. Ushbu tizim dissertatsiya tadqiqotlari sifati, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoitlar yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
Oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot institutlari huzurida tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Doktorlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib boruvchilarning ilmiy salohiyatini belgilashda, maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarining chop etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Yosh olimlarimiz bir necha xorijiy tillarni, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallagani kerakli ilmiy ma’lumotlardan tez va samarali foydalanishida, tadqiqotlar sifatini oshirishda asosiy omil bo‘lmoqda.
Forumda jahon ilmiy-ta’lim manbalari, elektron ma’lumotlar bazalaridan foydalanish, yuqori reytingli ilmiy jurnallarda maqolalar nashr ettirish imkoniyatlari, ilmiy nashrlar va doktorlik dissertatsiyalarining sifatini oshirish haqida so‘z yuritildi.