Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Veterinariyada oziq-ovqat xavfsizligi: biologik xavfsizlik va ekologik barqarorlik masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat markazi mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti professor-o‘qituvchilari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
“Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjuman mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi, biologik xavfsizlik va ekologik barqarorlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy asoslarini mustahkamlash, sohadagi ilmiy salohiyatni oshirish hamda fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga bag‘ishlandi.
Anjumanda turli yo‘nalishlarda ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Xususan, Zooinjeneriya kafedrasi katta o‘qituvchisi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori (DSc) A.Urimbetovning “Qoraqalpoq sur va korako‘l qo‘ylari mahsuldorligini oshirishning ilmiy asoslari va seleksion usullari” mavzusidagi ma’ruzasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Qoraqalpoq sur va korako‘l qo‘ylari mahalliy iqlim sharoitiga yaxshi moslashgan zotlar sifatida yuqori mahsuldorlikga ega. Ilmiy tadqiqotlarimizda ularda genetik tanlash va seleksion usullarni takomillashtirish orqali mahsuldorlikni oshirish imkoniyatlarini ilmiy jihatdan asoslayapmiz. Bu chorvachilik mahsulotlari hajmi va sifatini barqaror oshirishda muhim omil bo‘ladi, – deydi A.Urimbetov.
Konferensiya doirasida oziq-ovqat xavfsizligi va veterinariya sohasidagi ilmiy izlanishlarning yangi tendensiyalari, innovatsion yondashuvlar hamda sohani rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Tadbir ilmiy tajribalarni umumlashtirish, mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va yosh olimlarni ilmiy izlanishlarga faol jalb etishda katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA