Qozog‘istondagi nufuzli, xalqaro reytinglarda Top–300 talikka kiruvchi Satbayev nomidagi milliy texnika universiteti hamda Guliston davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rasmiy ravishda yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur hamkorlik doirasida bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini tashkil etish, robototexnika hamda sun’iy intellekt sohalarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, Scopus bazasida indekslanuvchi qo‘shma ilmiy maqolalarni chop etish, shuningdek pedagog kadrlarning malakasini oshirish maqsadida turli trening va seminarlar o‘tkazish rejalashtirildi.
Shuningdek, kelgusida qo‘shma ta’lim dasturi asosida “Robototexnika va sun’iy intellekt” yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha ham o‘zaro kelishuvga erishildi. Bu o‘z navbatida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy va innovatsion integratsiyani kuchaytirish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
– Bunday qo‘shma loyihalar zamonaviy talablarga mos mutaxassislarni tayyorlashda, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega, – deydi Guliston davlat universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov. – Universitetlar o‘rtasidagi akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy loyihalar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro tajriba orttirish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, bunday hamkorlik nafaqat akademik imkoniyatlarni kengaytirish, balki oliy ta’lim va ilmiy faoliyatda zamonaviy talablarga mos qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri