O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ilmiy faoliyat sohasidagi tashkilotlarni laboratoriya asbob-uskunalari, sarflov materiallari va butlovchi qismlar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Ilmiy faoliyat sohasidagi tashkilotlarni laboratoriya asbob-uskunalari, sarflov materiallari va butlovchi qismlar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
ilmiy tadqiqotlar uchun zarur asbob-uskunalar, sarflov materiallari va butlovchi qismlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganishni tizimlashtirish;
ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha xaridlarni mustaqil va markazlashgan holda amalga oshirish;
ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish, taqdim etish, qabul qilish, ko‘rib chiqish va ularning hisobini yuritishni Ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari yagona elektron platformasi orqali yo‘lga qo‘yish tartibi belgilab berilgan.
Qarorga ko‘ra, uch oy muddatda Ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari yagona elektron platformasi ishlab chiqiladi.
Maxsus axborot tizimini ishlab chiqish va texnik jihatdan qo‘llab- quvvatlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda xarid qilinadigan laboratoriya asbob-uskunasidan foydalanish bo‘yicha malakali xodimlar bo‘lmaganida yoki xodimlar malakasini oshirish zarurati bo‘lgan taqdirda, ularning ko‘nikmalarini oshirish uchun 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni ikki haftagacha bo‘lgan muddatga yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga ilmiy stajirovkaga Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibga muvofiq yuboriladi.
Ma’lumot o‘rnada, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmonida ilmiy laboratoriyalarni asbob-uskunalar bilan jihozlash tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi.
O‘zA