O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanda “Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi va iste’moli uchun yuridik javobgarlikni takomillashtirish istiqbollari” mavzusi muhokama qilindi.
Tadbirning asosiy maqsadi sohaga oid ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Konferensiyada davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, soha mutaxassislari, olimlar, jamoat tashkilotlari faollari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish, qonunchilikni takomillashtirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, profilaktika ishlarini kuchaytirishga qaratilgan ma’ruzalar va taqdimotlar tinglandi. Shuningdek, amaliyotda uchrayotgan muammolar, ularni hal etish mexanizmlari hamda zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Konferensiya davomida anjuman aholi salomatligini muhofaza qilish, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish va milliy genofondni asrashga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan soha mutaxassislari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda olimlar tomonidan giyohvandlikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy va profilaktik choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi. Ta’kidlanganidek, bunday ilmiy-amaliy anjumanlar giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/STc1ul0YZLM" title="Ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA