French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmga yetaklagan umr yo‘li
17:35 / 2026-01-31

Inson hayotida ilm turli o‘rin tutadi. Ayrimlar uchun u kasb bo‘lsa, boshqalar uchun hayot mazmuniga aylanadi.

Fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Gulmirza Xudoyberganov ana shunday ilmni umr yo‘li sifatida tanlagan fidoyi olimlar sirasiga kiradi.

Olimning 80 yillik hayot yo‘li bir shaxs taqdiri bilan cheklanmay, butun bir ilmiy maktab, ma’naviy pozitsiya va intellektual madaniyat tarixi bilan uyg‘undir. Uning ilmiy faoliyati yuzlab maqolalar, monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalar, xalqaro nashrlar hamda o‘nlab shogirdlar tayyorlash orqali milliy va jahon matematikasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Gulmirza Xudoyberganov 1946 yil 1 fevralda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Bolalik yillaridanoq mehnat, intizom va mas’uliyat muhitida kamol topgan bo‘lajak olim Mang‘it shahridagi M.V.Lomonosov nomidagi o‘rta maktabda tahsil olgan. Ushbu davrda matematikani tafakkurni charxlovchi, fikrlash madaniyatini shakllantiruvchi fan sifatida anglay boshladi.

1963 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning Mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga kirishi uning kelgusi ilmiy taqdirini belgilab berdi. 1966–1969 yillarda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida tahsil olishi yosh tadqiqotchining ilmiy salohiyatini to‘la ochib berdi. Professor B.V.Shabat rahbarligida tayyorlangan diplom ishi keyingi tadqiqotlar uchun mustahkam poydevor bo‘ldi.

1969 yildan boshlab Gulmirza Xudoyberganovning mehnat faoliyati O‘zbekiston Milliy universiteti bilan uzviy bog‘landi. Yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida u mazkur dargohda tadqiqotchi, ustoz va rahbar sifatida samarali faoliyat yuritdi. Stajyor-tadqiqotchidan professor darajasigacha bo‘lgan yo‘l ilmiy va ma’naviy kamolot bilan uyg‘un kechdi.

Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limida nomzodlik dissertatsiyasini muddatidan oldin himoya qilishi, 1992 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlashi uni mustaqil ilmiy maktab yetakchisi sifatida shakllantirdi. Kafedra mudiri va fakultet dekani sifatida u sog‘lom akademik muhitni qaror toptirish, ustoz–shogird an’analarini mustahkamlashga katta e’tibor qaratdi.

Professor Gulmirza Xudoyberganovning ilmiy tadqiqotlari ko‘p o‘lchovli kompleks analiz sohasida yangi ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirdi. Polinomial qavariqlik nazariyasi, Runge teoremasi analoglari, shuningdek, matritsa argumentli golomorf funksiyalar nazariyasiga oid ishlari xalqaro miqyosda e’tirof etildi. 1984 yilda A.M.Kitmanov bilan hammualliflikda taklif etilgan mashhur misol keyinchalik “Xudoyberganovning soyalar masalasi” nomi bilan ilm-fanda keng muhokama qilindi.

2001–2005 yillarda Qarshi davlat universiteti rektori sifatida u ta’lim muassasasining ilmiy va tashkiliy salohiyatini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarni amalga oshirdi.

Ayni paytda ham professor Gulmirza Xudoyberganov faol ilmiy hayotni davom ettirmoqda. U seminarlar va ilmiy muhokamalarda ishtirok etadi, maqolalar ustida ishlaydi, yosh tadqiqotchilarga maslahat beradi. Uning ilmiy rahbarligida 20 ga yaqin shogird fan nomzodi va fan doktori (PhD) darajalarini qo‘lga kiritgan.

Olim 1995 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni, 2001 yilda “O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi” ko‘krak nishoni, 2021 yilda esa “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Professor Gulmirza Xudoyberganovning ilmga bag‘ishlangan hayot yo‘li, boy ilmiy merosi va shogirdparvarlik an’analari bugungi va kelgusi avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

B. Shoimqulov,
fizika-matematika fanlari doktori, professor

D. Djumabayev,
M.V. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining
Toshkent shahridagi filiali direktori o‘rinbosari

B. Abdullayev,
fizika-matematika fanlari doktori, professor