Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmga tayangan ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muqobil yo‘li emas, yagona tanlovi
21:53 / 2026-01-14

Munosabat

Bugungi dunyo taraqqiyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, davlatlarning iqtisodiy qudrati tabiiy boyliklar yoki geografik joylashuv bilan emas, balki ilm-fan, innovatsiyalar va intellektual salohiyat bilan belgilanmoqda. Zamonaviy taraqqiyot sharoitida raqobatbardosh bo‘lish uchun jamiyatda bilimli, mustaqil fikrlaydigan va innovatsion yondashuvga ega kadrlar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini ilm-fan va innovatsiyalar asosida yangi bosqichga olib chiqish davr talabiga aylanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan navbatdagi Murojaatnoma ana shu haqiqatni chuqur anglagan holda ishlab chiqilgan muhim siyosiy hujjat bo‘ldi. Unda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar masalalari mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ilmiy salohiyat va zamonaviy ta’limning hal qiluvchi o‘ringa egaligini yana bir bor tasdiqladi.

Prezident Murojaatnomada ta’kidlaganidek, Ilm-fan va innovatsiyalar bo‘lmasa, hech qaysi sohada barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Bu fikr oliy ta’lim tizimi oldiga tubdan yangicha vazifalarni qo‘ymoqda. Endilikda universitetlar faqat bilim berish bilan cheklanib qolmasdan, ilmiy izlanishlar, innovatsion ishlanmalar va yangi texnologiyalar yaratiladigan markazlarga aylanishi zarur.

Zamonaviy oliy ta’limning asosiy vazifalaridan biri — fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida mustahkam integratsiyani ta’minlashdir. Ilmiy tadqiqotlar real sektor ehtiyojlariga mos kelgan taqdirdagina ularning jamiyat uchun amaliy ahamiyati ortadi. Shu ma’noda oliy ta’lim muassasalarida fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, ularning natijalarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda innovatsion iqtisodiyot sharoitida bilimning o‘zi yetarli emas. Talabalar va yosh mutaxassislar zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan, muammolarga ijodiy yondasha oladigan, tashabbuskor shaxslar bo‘lishi lozim. Shu sababli oliy ta’lim muassasalarida startap loyihalar, ilmiy laboratoriyalar, texnoparklar va innovatsion markazlar faoliyatini kengaytirish dolzarb vazifaga aylandi. Bu jarayon talaba-yoshlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish bilan birga, ularni mehnat bozoriga tayyor holda yetishtirishga xizmat qiladi.

Prezident Murojaatnomasida yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi: “Ilmga intilayotgan yoshlarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berish — davlatimizning ustuvor vazifasidir”.  Grantlar, stipendiyalar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarining kengaytirilishi ularning ilmga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda. Yosh olimlarning g‘oyalari va tashabbuslari mamlakat ilmiy salohiyatining kelajakdagi asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.

Shu bilan birga, oliy ta’lim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlari ham jadallik bilan kechmoqda. Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va zamonaviy axborot tizimlarini ta’lim jarayoniga joriy etish bilim olish shakllarini tubdan o‘zgartirmoqda. Masofaviy ta’lim, onlayn platformalar va elektron resurslar ta’limning qamrovi va sifatini oshirishda muhim vositaga aylanmoqda. Bu esa oliy ta’limni yanada ochiq, moslashuvchan va zamon talablariga javob beradigan tizimga aylantiradi.

Hududiy oliy ta’lim muassasalari ham mazkur jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hududning ilmiy va intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Mahalliy universitetlarda innovatsion muhitni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va yosh kadrlarni rag‘batlantirish orqali hududiy rivojlanishga mustahkam zamin yaratilmoqda.

Oliy ta’lim tizimida professor-o‘qituvchilarning o‘rni ham beqiyosdir. Ilmiy salohiyatli, tajribali va zamonaviy yondashuvga ega ustozlarsiz sifatli ta’limni tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois ularning ilmiy va ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, nufuzini oshirish va mehnatini munosib rag‘batlantirish ta’lim sifatini yuksaltirishning muhim sharti hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, ilm-fan va innovatsiyalar asosida rivojlangan oliy ta’lim tizimi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning izchil va samarali amalga oshirilishi natijasida zamonaviy bilimga ega, innovatsion fikrlaydigan, raqobatbardosh va vatanparvar kadrlar yetishib chiqadi. Bu esa mamlakatimizning barqaror rivojlanishi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Amanjol Ayapov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri

O‘zA