Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmga intilgan ayol – jamiyat kelajagi
14:20 / 2026-02-11

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga muvofiq 11 fevral Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni sifatida nishonlanadi.

Ushbu sana jahon hamjamiyati tomonidan xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion rivojlanishdagi o‘rni va faol ishtirokini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etilgan. Shu munosabat bilan mamlakatimizda ham har yili turli ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qarshi davlat universitetida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator Komila Karamova bilan uchrashuv ham mazkur yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Uchrashuvda ilm-fan sohasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, yosh qizlarni ilmiy izlanishlarga keng jalb etish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Aminova, O‘zbekiston Qahramoni M.Sharopova, Inson huquqlari bo‘yicha vakil – Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili L.Saodatova, shuningdek, Qarshi davlat universiteti Xotin-qizlar maslahat kengashi hamda psixologik maslahat markazi rahbari Sh.Karamovalar so‘zga chiqib, xotin-qizlarning ilm egallashi, jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi o‘rni, gender tenglikni ta’minlash masalalariga to‘xtaldi.

Senator Komila Karamovaning faoliyati misolida viloyatda xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dolzarb vazifalar muhokama etildi. Ta’kidlanganidek, ilmli va faol xotin-qizlar barqaror jamiyatni shakllantirishda muhim kuch hisoblanadi.

Tadbir davomida talabalar va ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi. 

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri