Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmga baxshida umr: 60 yillik ilmiy faoliyat e’tirofi
12:00 / 2022-05-30

Jizzax davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan ikki nafar ustoz olimaning yubiley kechasi “Ilmga baxshida umr”, deb nomlandi.

Iste’dod va mahorati, ko‘z nuri, qalb qo‘rini baxsh etib, yosh avlodga ilm-fan sirlari va odamiylik saboqlarini o‘rgatib kelayotgan insonlarni hurmat va e’zoz bilan “Ustoz”, deya ulug‘laymiz. 

Asrlar chig‘irig‘idan o‘tgan mazkur so‘zda teran hikmat mujassam. Ustozning aytgan har bir kalomi, bergan dono o‘gitlari bizga hamroh bo‘lib, hayot yo‘llarimizni quyosh misol nurafshon etadi. Jizzax davlat pedagogika institutining tarix fakultetida faoliyat yuritib kelayotgan olimalar – professor Faniya Axmedshina hamda Raya Nurqulova bugun yuzlab shogirdlari davrasida mehnati mevasidan zavqlanib yashayotgan faxriy  ustozlardan. Ular umrini ilmga, ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlab, obro‘-e’tibor, hurmat qozongan, shogirdlari qalbidan munosib joy olgan eng baxtli ayollardir. 
“Ilmga baxshida umr” tadbiri faxriy ustozlarning 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlandi.

– Hech bir ayol uchun ish va oilani teng olib borish oson emas, albatta, – deydi institut rektori Shavkat Sharipov. – Bularning barchasi juda ko‘p mehnat va harakat talab etadi. Ilm yo‘lida qancha to‘siq va mashaqqatlar borligi ayon. Izlanishlar, yaxshiliklar, halol mehnatning natijasi mana shunday olqishlarga olib keladi. 

– Maktabni bitirgach oldimda faqat bitta maqsad bor edi – o‘qituvchi bo‘lish, – deydi ustoz Raya Nurqulova. – Mendagi ishtiyoq va qat’iy intilishni ko‘rgan yaqinlarim maqsadimni qo‘llab-quvvatladi. Talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Bitirdim, ishladim. Jizzax davlat pedagogika instituti hayotimda juda katta o‘rin tutadi. Bu yerda ko‘plab buyuk insonlar sabog‘i, maslahatlari, o‘gitlarini olganman. Ularga havas qilib, izlanishga, olg‘a intilishga harakat qildim. Ishlash davomida bilimimni oshirish bilan bir qatorda, mahoratimni ham toblab bordim. Shukr mana shu kunlarga ham yetib keldim, bugun ortga qarasam 60 yillik mehnat yo‘lini bir zumda bosib o‘tibman.

– Shogirdlarimning har bir yutug‘idan quvonaman, yanada kattaroq muvaffaqiyatlarga erishishini tilab duo qilaman, – deydi professor Faniya Axmedshina. – Turli yillarda ko‘plab talaba yoshlarga saboq berganman. Bugun shogirdlarimning ko‘pchiligi taniqli inson, Respublikamizning turli viloyatlarida faoliyat yuritmoqda. Bundan faxrlanaman. Ayol qanchalik bilimli va salohiyatli bo‘lsa, u tarbiyalagan avlod ham shunday yetuk shaxs bo‘lib kamolga yetadi. 

Bugun shogirdlari, yaqinlari, hamkasblari qurshovida baxtdan gul-gul yonib turgan, hayajondan so‘zlaridan adashib guldastalarga ko‘milgan, xursandchiligi, butun mehri, tabassumini siz-u bizga ulashayotgan ustozlar e’tirof va e’tiborga munosib. 

Gulchehra Sharipova, 
Jizzax davlat pedagogika instituti 
axborot xizmati rahbari,

O‘zA