Vestminster universiteti faoliyatiga bir nazar…
O‘zbekistonda ko‘plab sohalar qatori ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ayniqsa, chet eldagi nufuzli universitetlar tajribasini o‘rganish va soha vakillarini har tomonlama rag‘batlantirish, ular uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor berilmoqda. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham ayni yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlardan biridir.
Ushbu ta’lim dargohining barcha dasturlari, yo‘nalishlarini Buyuk Britaniyadagi muassasa tasdiqlaydi. Bitiruvchilarga diplom London shahridagi Vestminster universiteti tomonidan beriladi. Oliygohga 2002 yil yanvar oyida ilk bor 120 nafar talaba qabul qilingan. 2021-2022 o‘quv yili uchun esa 5 mingdan ziyod abituriyent mazkur dargoh talabaligiga tavsiya etildi.
TXVU doktorantura maktabi va ilmiy ishlar dekani Ikrom Rixsiboyev O‘zA muxbiri bilan suhbatda muasassa faoliyati bilan bog‘liq muhim ma’lumotlarga oydinlik kiritdi:
– Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti mamlakatdagi birinchi xorijiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Jamoa nufuzli xorijiy universitetlarda ilmiy daraja olgan 150 dan ziyod malakali kadrlar, zamonaviy ishlab chiqarish sanoatida yuqori tajribaga ega mahalliy va chet ellik mutaxassislardan iborat.
Bizning asosiy vazifamiz – ilmiy tadqiqotlarimiz O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlar aholisi uchun ijobiy o‘zgarishlar yasash, turmush farovonligini oshirishga, mavjud muammolarga yechim taklif etish, ilm fan va ishlab chiqarish sohasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash orqali davlat ravnaqiga munosib hissa qo‘shish.
Olimlarimiz iqtisodiyot, moliya, biznes, marketing, menejment, axborot tizimi, xalqaro huquq, xorijiy tillar, statistika, matematika kabi fanlarning turli yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqot ishlari olib bormoqda.
Ilmiy tadqiqotlar qo‘llab quvvatlanadi
Londondagi Vestminster universiteti bilan izchil aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, ilmiy tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jamg‘arma tashkil etilgan. Ushbu fond ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, professor-o‘qituvchilar ixtisoslik yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. 2018 yildan beri ushbu dastur asosida 20 dan ortiq ilmiy loyiha moliyalashtirildi.
Xalqaro ilmiy jurnal haqida...
Universitetda 2019 yil tashkil etilgan “Ipak yo‘li: Yevroosiyo taraqqiyoti jurnali” ijtimoiy fanlar va davlat siyosatini o‘rganish bo‘yicha dalillarga asoslangan ilmiy tadqiqotlarni targ‘ib etadi. Nashrda chop etiladigan ilmiy maqolalar Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlariga e’tiborni oshiradi, mavjud muammolarni o‘rganadi va yechimlar taklif etadi.
Jamoamiz Londondagi Vestminster universiteti bosmaxonasi tomonidan onlayn tarzda nashr etiladigan ushbu ilmiy jurnalni yaqin yillar ichida xalqaro nufuzli jurnallar qatoriga qo‘shish, xususan, 2025 yilgacha “Scopus” ma’lumotlar bazasiga kiritishni niyat qilgan.
Xorijlik mutaxassislar
TXVUda AQSH, Avstraliya, Belgiya, Xitoy, Chexiya, Angliya, Fransiya va Germaniya kabi mamlakatlar yetakchi universitetlarida ishlagan professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi.
Ilmiy tadqiqotda ayollar...
Muasassamiz akademik xodimlarining, taxminan, 40 foizini ayollar tashkil etadi. Ular safi yildan-yilga kengayib, jumladan, doktoranturada tahsil olayotgan xotin-qizlar soni ham muntazam oshib boryapti. Hozir kunda doktrantura tadqiqotchilarining 70 foizi ayollar. TXVU ilmiy ishlarni qo‘llab-quvvatlash, bilim va ko‘nikmani oshirish uchun sharoit yaratiish orqali ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berishdan manfaatdor.
Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishlari haqida…
Talabalarning bakalavriat bitiruv malakaviy ishlari 2014 yildan buyon Iqtisodiy tadqiqotlar va magistratura ta’lim markazi – Iqtisodiyot instituti («CERGE-EI, University of Economicsin Prague”) tomonidan tashkil etiladigan «Yangi iqtisodiy iste’dod» tanlovida ishtirok etadi.
Har o‘quv yili oxirida o‘tkaziladigan ushbu tanlovda o‘tgan yil Sabina Ahroriy “O‘zbekistondagi nogironlarning ish bilan ta’minlanishi” va Bilol Salimov “Deep Medicine” - an’anaviy avtomatlashtirilgan tizim va chuqur tadqiqot yordamida bezgakni aniqlash” loyihalari bilan g‘olib chiqqan.
Ilmiy tadqiqot muhiti
Ilmiy tadqiqot muvaffaqiyatini ta’minlaydigan asosiy omillardan biri – muhit. Bunda texnologik hamda yangilangan dasturiy ta’minot bilan jihozlangan zamonaviy kompyuter laboratoriyasi, raqamli kitoblar va yuqori tezlikdagi internet mavjud kutubxona, ilmiy laboratoriya va tadqiqot markazi muhim o‘rin tutadi.
Universitetda ilmiy tadqiqot bilan mashg‘ul professor-o‘qituvchilar, talabalar uchun yuqorida sanab o‘tilgan sharoitlar yaratilgan. Tadqiqot muhiti xilma-xilligi, moslashuvchanligi, o‘zaro bog‘liqligi va barqarorligi olim va tadqiqotchilarga bilimni baham ko‘rish, mahsulot yoki xizmatni yaxshilash, tijoratlashtirish, hamkorlikdagi tadqiqotni kuchaytirish, ilmiy maqolalar soni va sifatini oshirishga yordam beradi.
Ilmiy tarraqiyot strategiyasi
2019 yil ishlab chiqilgan Xalqaro Vestminster universitetining 5 yillik ilmiy tarraqiyot strategiyasida 4 ta asosiy vazifa belgilangan:
ilmiy tadqiqot madaniyatini shakllantirish va ilmiy salohiyatni oshirish; ilmiy tadqiqotda innovatsiya va tijoratlashtirish; ko‘p tarmoqli va xalqaro hamkorlikdagi tadqiqotni rivojlantirish; ilmiy tadqiqot sifati va raqobatbardoshligini oshirish.
Mazkur strategiya 2017-2022 yillar uchun qabul qilingan davlat rivojlanish strategiyasiga monand ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Ma’lumki, O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining 5 ustuvor yo‘nalishida ilmiy tadqiqot va ta’limga alohida e’tibor qaratilgan. Xozirgi kunda universitet jamoasi ilmiy tadqiqot ishlarini Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar bilan uyg‘unlashtirish ustida ishlayapti.
Xullas, mamlakatimizdagi islohotlar, Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, shuningdek, universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar strategiyasi ilmiy tadqiqot ishlarini jadallashtirishga keng imkoniyat yaratmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA