FOTOREPORTAJ
Inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli ishlari bilan qadr topadi. Shunday insonlar borki, ular o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi va salohiyatini, balki qalb qo‘rini ham baxshida etadi. Kasbiga sadoqati va fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat qozonadi.
Nazokat Muhammedova ana shunday insonlardan. U 2002-yilda Navoiy davlat universiteti (sobiq Navoiy davlat pedagogika instituti)ning Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirib, 2006-yilda ushbu oliygohni imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Talabalik yillarida fanlarni chuqur o‘zlashtirib, respublika fan olimpiadalari hamda ilmiy-amaliy konferensiyalarda faol ishtirok etgan.
Nazokat Muhammedova 2006-yilda fan yo‘nalishi bo‘yicha “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. 2006–2008-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakultetida geodemografiya mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
[gallery-28008]
2019-yilda “O‘zbekistonda aholi o‘limining hududiy xususiyatlari” mavzusida dissertatsiya himoya qilib, geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan. 2024-yilda esa iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ayni paytda olima Navoiy davlat universiteti Geografiya kafedrasida faoliyat yuritib, geografiya fanining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Uning ilmiy faoliyati geografiya fanini rivojlantirish, yoshlarni ilm-fanga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA