Munosabat
Ilm tarqatib, ziyo ulashuvchi insonlarning qadri yuksak jamiyat hech qachon taraqqiyotdan mosuvo bo‘lmaydi. Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston mayog‘ini aynan ta’lim sohasiga alohida ustuvor ahamiyat berib, yuksaltirmoqda.

Jumladan, 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazdi. Yurtimiz hududlaridan tadbirga 40 mingdan ziyod pedagog ulandi va shular qatorida men ham mazkur tadbirda ishtirok etib, davlatimiz rahbarining nutqlari orqali ta’lim sohasidagi istiqbolli masalalardan boxabar bo‘ldim.
So‘zining avvalida davlatimiz rahbari o‘z hayotini yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishdek dunyodagi eng ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallim, professor va o‘qituvchilarni – bir millionlik pedagoglar jamoasini ana shu qutlug‘ bayram bilan muborakbod etdi.
Aytish lozimki, bugun o‘qituvchi va murabbiylarning mehnati shaxsan Prezident nazarida ekan, bu yurtda ta’lim berishga va ilm olishga ishtiyoq kundan-kunga oshaveradi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi mamlakatimizning eng chekka hududlaridagi muallim va murabbiylar ham islohotlar natijasini o‘z hayotida seza boshladi. Bizga soha vakili sifatida milliy g‘urur va ilm qudratini namoyish etishimizda bugungi kunlarning salmog‘i beqiyosdir. Zero, Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir, – dedi Prezident o‘z nutqida.
Darhaqiqat, farzand dunyoga kelishi bilanoq, olamga ilm, ya’ni o‘rganish nigohi bilan boqadi. Uning uchun dunyoning har bir vositasi qiziq va rang-barangdir. Go‘dakning zaboni, jismi quvvatga to‘lib ulgurmagan bo‘lsa-da, ko‘zlari va aqli dunyoni o‘rganish ishtiyoqi bilan boqayotganini sezmaslik mumkin emas. Ayni nozik jihatlarni teran anglagan holda islohotlarimizning ilk bosqichidayoq maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi.
Ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, 2017 yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi. Bu kelajakda har bir bola aynan olamni his etish, o‘rganish davrini ilmsiz o‘tkazmasligidan dalolat emasmi? Boisi o‘rganish ishtiyoqi bolada eng cho‘qqida bo‘lgan davr aynan uning zaboni va jismi takomillashayotgan davriga to‘g‘ri keladida. Yaqinda ta’lim sohasida e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bog‘cha kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Sir emas, hozirda yurtimizdagi 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagog bo‘lgani bilan ularning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega. Endilikda esa, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy ma’lumotli qilinadi.
Prezidentimiz e’tiborini bejiz maktabgacha ta’lim yo‘nalishidan boshlamadi. Poydevor mustahkam bo‘lsa, har qanday bunyodkorlikni ishonch bilan qilish mumkin. Kelajakka yo‘l ham ishonch bilan boshlanadi.
–Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak bo‘lsa, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab ta’limidir, – dedi davlatimiz rahbari o‘sha kungi nutqida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda yurtimizdagi maktablarda 6,5 million o‘quvchi ta’lim olyapti. Bu yil maktablarni 400 mingga yaqin o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, 1-sinflarga 720 ming bola qabul qilingan. Shu bois, so‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlarining kengaygani hisobiga 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Masalan, 2016 yilgacha jami 2 ming nafar maktab o‘quvchisi sertifikat olgan edi. O‘tgan yili birgina xorijiy tillarning o‘zidan 150 ming yoshlarimiz xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishi aytildi.
Mana shuning o‘zi yurt kelajagini ta’minlashda ta’limga berilayotgan e’tibordan dalolatki, uning ro‘yobini sohaning rivoji va soha vakillarining quvonchida ko‘ryapmiz. Shu bilan birga, o‘quvchi-yoshlarning iste’dodini har bosqichda qo‘llab-quvvatlash yo‘lida imkoniyatlar berilayotgani ham, ularda o‘ziga va davlatiga ishonch va sadoqat bilan xizmat qilish ishtiyoqini oshirmoqda.
Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, taraqqiyot yo‘lida ta’limning ustuvor va yetakchi ekani yurtimiz tarixida ziyolilarimiz tomonidan hamisha eslatib kelingan masala ekanini yaxshi anglaymiz. Ammo hamma davrlarda ham buni anglovchilar topilmasligiga ko‘p bor guvoh bo‘lgan xalqmiz. Bugun esa, fayzli maqsadlarimizga faqat ilm bilan erishishga jazm etgan kunlar va ulug‘ maqsadlarga yetaklovchi davlatimiz rahbariga tayanch bo‘ladigan onlarning kelganiga barchamiz guvohmiz.
Feruza TOGʻAYEVA,
Samarqand shahridagi
81-umumtaʼlim maktabi
oʻqituvchisi, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” nishoni sohibi.
OʻzA